add

Yangi Namanganda $750 mlnlik «China Town» majmuasi qurilishi boshlandi

Bugun 22:45172 daqiqa

66 gektar hududda quriladigan yirik turar-joy va biznes majmuasi Farg‘ona vodiysi iqtisodiyotiga yangi sarmoya va ish o‘rinlari olib kelishi kutilmoqda.

Yangi Namanganda $750 mlnlik «China Town» majmuasi qurilishi boshlandi

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan Yangi Namangan shaharchasida «China Town» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan yirik qurilish loyihasiga rasman start berildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda Jyansu provinsiyasining Kengash a’zosi, Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd prezidenti Yan Bo ishtirok etgan. Tadbirda ramziy lenta kesilib, majmuaning tamal toshi qo‘yilgan.

Umumiy qiymati 750 million dollarga teng bo‘lgan «China Town Namangan» majmuasi «Markaziy Osiyodagi yagona yirik loyiha» sifatida taqdim etilmoqda. Loyiha nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysi iqtisodiyotida yangi investitsion muhit va imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Majmua 66 gektar maydonda barpo etiladi.

Qurilish rejasiga ko‘ra, zamonaviy turar-joylar, biznes markazi, besh yulduzli mehmonxona, savdo majmualari va dam olish maskanlari barpo etiladi. Bu infratuzilmaviy o‘zgarishlar shaharning investitsion jozibadorligini oshirishi va yangi xizmatlar segmentini rivojlantirishi mumkin.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar kirib kelishi kutilmoqda. «China Town» kompaniyasi va «Jiangsu Tonke Real Estate Co. Ltd» o‘rtasidagi hamkorlik Namanganda zamonaviy shahar qurilishida xalqaro tajriba va texnologiyalardan foydalanish imkonini beradi.

Yil boshida ushbu kompaniya tomonidan Yangi Namanganda turar-joy majmuasi qurilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. O‘shanda loyiha hududi 66 gektarni tashkil etishi aytilgan, hozir esa qurilish bosqichlari amaliy fazaga o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi Farg‘ona vodiysidagi eng og‘ir yo‘l uchastkalardan biri — Pung‘on—Namangan yo‘lini 246 million dollarga rekonstruksiya qilayotganligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi Namanganda $750 mlnlik «China Town» majmuasi qurilishi boshlandi | Vaqt.uz