
Yaponiya Qozog‘istonda yadroviy sinovlardan jabr ko‘rganlar uchun yordam ajratdi
27.08.2025 | 08:4023553
Qozog‘iston va Yaponiya Semey yadroviy poligoni jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish uchun 7,4 mln dollar miqdorida grant ajratish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Hujjat Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi Astanada bo‘lib o‘tkazgan rasmiy tashrifi chog‘ida imzolandi. Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan muzokaralar davomida tomonlar yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha xalqaro hamjamiyatga qaratilgan qo‘shma chaqiriqni yana bir bor tasdiqladilar.
U qayd etdiki, 2025 yil Hiroshima va Nagasaki fojeasining 80 yilligiga, 2026 yil esa Semipalatinsk poligoni yopilganining 35 yilligiga to‘g‘ri keladi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat energetika, yadroviy yoqilg‘i, yadroviy tibbiyot, kamyob yer elementlari hamda «yashil» texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildi. Yaponiya Qozog‘iston iqtisodiyotiga 9 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritgan holda mamlakatning eng yirik 10 ta investori qatorida turibdi.
Shuningdek, Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 2025 yil oxirigacha Yaponiyaga tashrifini tayyorlash va 2026 yilda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Semey (Semipalatinsk) poligoni 1947 yilda SSSR tomonidan tashkil etilgan va 1989 yilgacha 450 dan ortiq yadroviy sinovlar o‘tkazilgan. Ular 1,5 milliondan ortiq aholiga radiatsion ta’sir ko‘rsatgan. 1991 yil 29 avgustda poligon rasman yopilgan, bu sana keyinchalik BMT tomonidan «Yadroviy sinovlarga qarshi xalqaro kun» sifatida e’lon qilingan.
Hiroshima va Nagasaki atom bombardimonini boshidan kechirgan Yaponiya Qozog‘istonning yadroviy quroldan voz kechishga qaratilgan tashabbuslarini muntazam qo‘llab-quvvatlab keladi.





