
Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi O‘zbekistonga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi
18.08.2025 | 09:454224
Yaponiyaning yirik Sojitz korporatsiyasi O‘zbekistonda energetika, infratuzilma va sog‘liqni saqlash sohalariga 1 mlrd dollar sarmoya yo‘naltiradi.

Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi O‘zbekistonga yirik sarmoya kiritish niyatini rasman e’lon qildi. Kompaniya prezidenti Kosuki Uemuraning aytishicha, umumiy qiymati 5 mlrd dollarga yaqin loyihalar doirasida mamlakatga avvalombor 1 mlrd dollar investitsiya yo‘naltiriladi. Bu haqda u «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sojitzning yirik tashabbuslari qatoridan Samarqandda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy shifoxona qurish, Sirdaryo viloyatida quvvati 1573 MW bo‘lgan gaz elektr stansiyasini barpo etish va Navoiy viloyatida 1 GWlik shamol elektr stansiyasini qurish kabi loyihalar o‘rin olgan. Shuningdek, xalqaro aeroport infratuzilmasini rivojlantirish uchun ham mablag‘ yo‘naltiriladi.
Kompaniya allaqachon O‘zbekistonda qator muhim yo‘nalishlarga investitsiya kiritgan. Jumladan, Sirdaryo-2 elektr stansiyasi uchun 40 mln dollar, shamol energetikasiga 180 mln dollar, Samarqanddagi shifoxona qurilishiga 75 mln dollar va aeroport rivojiga 200 mln dollar sarflangan.
Kosuki Uemura O‘zbekiston rahbariyatining ochiq va shaffof siyosati hamda investorlar manfaatini inobatga olishga tayyorligi sarmoya kiritish imkoniyatlarini yaratganini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar va mahalliy mutaxassislarning malakasi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Sojitz korporatsiyasi O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida faol ishtirok etishni maqsad qilmoqda. Kompaniya bu orqali energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Sojitz O‘zbekiston bozoriga qiziqishini ilk bor 30 yil avval bildirgan bo‘lsa-da, amaldagi hamkorlik so‘nggi yillarda kuchaydi. 2004 yilda kompaniya Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochib, uzoq muddatli yo‘l xaritasini ishlab chiqqan edi.
«Sojitz Corporation» — 2004 yilda «Nissho Iwai Corporation» va «Nichimen Corporation» kompaniyalari birlashishi natijasida tashkil topgan yirik Yaponiya savdo-investitsiya korporatsiyasidir. «Sojitz» dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. U qator davlatlarda elektr stansiyalari qurilishi, konchilik loyihalari, avtomobil sanoati uchun ta’minot hamda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish sohalariga investitsiya kiritib kelmoqda.





