
Yevroittifoq Trampga Putinning «xufiyona flot»ini tugatishni taklif qildi
Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasi o‘rniga «xufiyona flot» tankerlarini xizmatlardan mahrum qilish rejasini AQSH bilan kelishishni taklif etdi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti eksportidan tushayotgan daromadlarni cheklash uchun yangi sanksiya mexanizmini muhokama qilmoqda. Gap neft narxiga qo‘yilgan mavjud «yuqori chegara» o‘rniga Rossiyaning «xufiyona flot»i deb ataladigan tankerlariga sug‘urta, portlarda xizmat ko‘rsatish va boshqa dengiz logistika xizmatlarini to‘liq taqiqlash haqida bormoqda. Bu chora sanksiyalarning 20-paketiga kiritilishi rejalashtirilgan.
Yevrokomissiya ushbu tashabbus bo‘yicha «katta yettilik» davlatlari, jumladan AQSH bilan maslahatlashuvlarni boshlagan. Manbalarga ko‘ra, Brussel bu masalada Vashington bilan muvofiq harakat qilishga alohida e’tibor qaratmoqda, chunki AQSH qo‘shilmasa, ta’sir kutilgan darajada bo‘lmasligi mumkin.
YI rasmiylari fikricha, dengiz xizmatlariga to‘liq taqiq joriy etilsa, Rossiya neftini jahon bozorlariga chiqarish ancha qiyinlashadi va Kremlning energetika daromadlariga sezilarli zarba beriladi.
Xufiyona flotga zarba
2022 yil oxirida joriy etilgan narx chegarasi mexanizmi Rossiya nefti uchun barreliga 60 dollarlik yuqori chegarani belgilagan edi. Bu qoidaga ko‘ra, neft ushbu chegaradan qimmat narxda sotilsa, G‘arb kompaniyalariga sug‘urta va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish taqiqlangan.
Biroq keyingi yillarda Moskva ushbu cheklovni aylanib o‘tish uchun yuzlab eski tankerlardan iborat «xufiyona flot»ni shakllantirdi. Ular ko‘pincha shaffof bo‘lmagan mulk tuzilmalari, sug‘urtasiz reyslar va uchinchi davlatlar orqali harakat qiladi.
YIdagi tahlilchilar fikricha, aynan shu flotni xizmatlardan uzib qo‘yish narx chegarasidan ko‘ra samaraliroq vosita bo‘lishi mumkin.
AQSH bilan kelishuv
2025 yilda YI va bir qator sherik davlatlar Rossiya nefti uchun yuqori narx chegarasini 44,1 dollargacha tushirdi. Ammo Donald Tramp ma’muriyati bu qarorni qo‘llab-quvvatlamadi. Endi Brussel AQSHni umumiy, yanada qattiqroq sanksiyalarga jalb qilishga urinmoqda.
Agar AQSH ham qo‘shilsa, sug‘urta va port xizmatlarining katta qismi yopilib, Rossiya nefti eksporti uchun infratuzilma jiddiy izdan chiqishi mumkin. Bu esa Moskva budjeti uchun uzoq muddatli xavfni kuchaytiradi.





