add

Yevropa elektr bozorida 15 daqiqalik tizim joriy etildi

01.10.2025 | 18:5515894

2025 yil 30 sentyabrdan Yevropaning elektr bozorida yangi qoida ishga tushdi. Endilikda energiya savdosi va balanslash jarayonlari bir soatlik emas, balki 15 daqiqalik oraliqlar asosida amalga oshiriladi.

Yevropa elektr bozorida 15 daqiqalik tizim joriy etildi
Yevropa energetika tizimida muhim islohot amalga oshirildi. Avvallari elektr ishlab chiqarish va iste’mol hisob-kitoblari soatlik intervallar asosida belgilangan bo‘lsa, endilikda kun 96 ta 15 daqiqalik davrga bo‘lindi. Bu yangilik «15-minute market go» deb nomlanadi va u butun Yevropa bo‘ylab yagona qoida sifatida qabul qilindi. Mazkur tizimning asosiy maqsadi — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining keskin o‘zgarishlariga tezkor va aniq javob berishdir. Quyosh va shamol energiyasi tez o‘zgarishi mumkin, shu bois 15 daqiqalik oraliq orqali narxlar aniqroq belgilanadi, elektr tarmoqlari barqarorligi ta’minlanadi. Yevropadagi bir qator davlatlar — Fransiya, Finlyandiya, Estoniya, Latviya, Litva, Sloveniya, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya va Islandiya bunga avvaldan o‘tib bo‘lgan edi. Endi esa 2025 yildan butun Yevropa uchun yagona qoidaga aylandi. Yangi tizim nafaqat yirik korxonalarga, balki oddiy iste’molchilarga ham foyda keltiradi. Aqlli hisoblagichlar egalari arzon vaqtlarda elektrdan foydalanib, xarajatni kamaytishi mumkin. Quyosh paneli egalari ishlab chiqarish va iste’molni kvartal bo‘yicha moslab daromad olish imkoniga ega bo‘ladi. Zavod va fabrikalar arzon intervallarda ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yib xarajatni kamaytiradi. Elektromobil egalari esa mashinalarini arzon vaqtlarda quvvatlab, katta tejamkorlikka erishishi mumkin. Masalan, bir soatda o‘rtacha narx 0,10 yevro bo‘lishi mumkin, ammo turli vaqt oraliqlarda u 0,05 yevro yoki 0,18 yevro darajasida farq qilishi ehtimoldan xoli emas. Shu tariqa, 15 daqiqalik oraliq tizimi Yevropa energetikasini moslashuvchan, shaffof va barqaror qiladi. Eng muhimi, bu jarayon oddiy aholining elektrdan oqilona foydalanishi va xarajatlarni qisqartirish imkoniyatini ochib beradi.

Teglar

Mavzuga oid