add

Yevropa Isroil bilan munosabatlarni muzlatishga tayyor — asosiy sabab inson huquqlari

12.07.2025 | 17:3035094

Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan yangi choralarni ko‘rib chiqmoqda. Politico nashriga ko‘ra, Bryussel G‘azodagi inson huquqlari buzilishlari ortidan Isroil bilan assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitimni to‘liq to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Yevropa Isroil bilan munosabatlarni muzlatishga tayyor — asosiy sabab inson huquqlari
Yevropa tashqi siyosat xizmati (EEAS) tayyorlagan hujjatda bir necha variant taklif etilgan. Eng qattiq chora — assotsiatsiya kelishuvini to‘liq muzlatish. Boshqa variant — Binyamin Netanyahu hukumati bilan siyosiy muloqotni to‘xtatish. Biroq bu chora 27 a’zo davlatning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini talab etadi. Biroq Vengriyaning yaqqol isroilparast pozitsiyasi sabab bunday yakdillikka erishish deyarli imkonsiz. Real chora ko‘riladigan yo‘l — bitimning savdo qismini vaqtincha to‘xtatib turish. Bu Isroilni Yevropa bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatidan mahrum qiladi. Mazkur chora malakali ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinishi mumkin. Isroil uchun bu jiddiy iqtisodiy zarba bo‘ladi, chunki YeI — uning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi shuningdek, G‘arbiy qirg‘oqdagi noqonuniy Isroil nuqtalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishni taqiqlashi mumkin. Bunday cheklov butun YeI miqyosida bir ovozda qabul qilinishi kerak bo‘lsa-da, hujjatga ko‘ra, alohida davlatlar bunday taqiqni o‘z milliy darajasida joriy qilishi mumkin. Qo‘shimcha choralar sifatida Isroilni Horizon va Erasmus kabi ilmiy- ta’lim dasturlaridan chiqarish, texnik hamkorlik va o‘zaro anglashuv memorandumlarini to‘xtatish kabi takliflar ham bor. Bu muhokamalarga Yevropa tashqi siyosati xizmati tayyorlagan hisobot turtki bo‘ldi. Hisobotda Isroil inson huquqlari sohasida o‘z majburiyatlarini buzgani, G‘azoda aholi zich joylashgan hududlarga harbiy hujumlar uyushtirgani va insonparvar yordam yetkazishga jiddiy to‘siqlar yaratgani qayd etilgan. YeI tashqi ishlar vazirlari mazkur takliflarni kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan sammitda muhokama qilishadi. Ayni paytda, YeI tashqi ishlar rahbari Kayya Kallas Isroil bilan G‘azoga yordam yetkazish borasida kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan. Ammo amalda bu harakat hali joyidan siljimagan.

Teglar

Mavzuga oid