
Yevropa Ittifoqi 2027-yildan Rossiya gazini to‘liq taqiqlaydi
Yevropa Ittifoqi Kengashi 2027-yil 1-yanvardan suyultirilgan tabiiy gaz, 30-sentabrdan esa quvur orqali Rossiya gazini import qilishni to‘xtatish rejasini ma’qulladi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi 2027 yil 1-yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishni to‘liq taqiqlash rejasini ma’qulladi. YIga quvur orqali Rossiya gazi yetkazib berish esa 2027 yil 30-sentabrdan boshlab taqiqlanadi.
«Ushbu reglament «REPowerEU» dasturi doirasida Yevropa Ittifoqining Rossiya energetikasiga bog‘liqligini tugatish maqsadiga erishish yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi», — deyiladi Yevrokengash matbuot xizmati bayonotida.
«Reuters»ning yozishicha, hujjat bugun, 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan vazirlar darajasidagi uchrashuvda kelishib olingan. Bu ikki davlat Rossiyadan energetika importiga hali ham kuchli darajada bog‘liq bo‘lib qolmoqda va Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishni istaydi.
Bu qarorga Slovakiya va Vengriya qarshi chiqqan.
Reja loyihasi 2025 yil dekabr oyi boshida taqdim etilgan edi. Hujjatga ko‘ra, agar biror davlat qish mavsumi oldidan Rossiyaga aloqador bo‘lmagan gaz hisobidan omborlarini to‘ldirishda qiyinchilikka duch kelsa, ushbu muddat eng kechi bilan 2027 yil 1-noyabrgacha surilishi mumkin.
2022 yilgacha Rossiya Yevropa Ittifoqi iste’mol qiladigan gazning 40 foizidan ortig‘ini yetkazib bergan. YIning eng so‘nggi mavjud ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilga kelib bu ulush taxminan 13 foizga tushgan.
Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari hali ham neft, quvur orqali yetkaziladigan gaz va suyultirilgan tabiiy gaz uchun Moskvaga to‘lovlarni amalga oshirmoqda. Bu esa Ukrainaga ko‘mak berish va Rossiyaning urush iqtisodiyotini moliyalashtirishni cheklashga qaratilgan sa’y-harakatlarga zid kelmoqda.
Qonun yangi gaz bitimlarini taqiqlaydi
O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqiga eng ko‘p gaz import qiluvchi beshta davlat Rossiya energetikasi uchun jami 1,4 milliard yevro sarflagan. Nodavlat «Energy and Clean Air» tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘ning asosiy qismi gaz va suyultirilgan tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng yirik xaridor Vengriya bo‘lgan, undan keyin Fransiya va Belgiya joy olgan.
Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Rossiyadan dengiz orqali yetkazib beriladigan neftga sanksiyalar joriy etgan, biroq gaz importiga nisbatan hech qachon sanksiyalar taklif etmagan. Chunki bunday qaror qabul qilinishi uchun YIga a’zo 27 davlatning barchasining yakdil roziligi talab qilinadi.
Yevropa Ittifoqining yangi qonuniga ko‘ra, kompaniyalarga Rossiya gazi bo‘yicha yangi shartnomalar tuzish taqiqlanadi. Amaldagi shartnomalarga ega kompaniyalar esa taqiqqa rioya qilish uchun ularni bekor qilishga majbur bo‘ladi.
Mavjud shartnomalarga kelsak, 2025 yil 17-iyunga qadar imzolangan qisqa muddatli bitimlar bo‘yicha import 2026 yil 25-apreldan suyultirilgan tabiiy gaz uchun, 17-iyundan quvur gazi uchun taqiqlanadi. Uzoq muddatli shartnomalar esa belgilangan yakuniy muddatlarga qadar bosqichma-bosqich tugatilishi lozim.
Qonun talablariga rioya qilinmasligi kompaniyalar uchun jahon bo‘ylab yillik umumiy aylanmaning 3,5 foizigacha miqdorda moliyaviy jarimalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Yevropa komissiyasi, shuningdek, yaqin oylarda Rossiyadan quvur orqali keladigan neftdan voz kechish va mamlakatlarni Rossiya yadroviy yoqilg‘isiga bog‘liqlikdan chiqarish bo‘yicha qonunchilik takliflarini ham kiritishni rejalashtirmoqda.





