add

Yevropaning 20 davlati afg‘on muhojirlarni deportatsiya qilishga chaqirdi

19.10.2025 | 17:3018973

Yevropaning 20 davlati Yevrokomissiyadan mamlakatlarda noqonuniy yashab kelayotgan afg‘on fuqarolarini ixtiyoriy yoki majburiy ravishda vataniga qaytarish masalasini kun tartibiga olishni talab qilmoqda.

Yevropaning 20 davlati afg‘on muhojirlarni deportatsiya qilishga chaqirdi
Euronews xabariga ko‘ra, mazkur tashabbus Belgiyaning boshpana va migratsiya vaziri Annelen Van Bossyut tomonidan ilgari surilgan. Uni Yevropa Ittifoqiga a’zo 19 davlat — Avstriya, Bolgariya, Kipr, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Polsha, Slovakiya va Shvetsiya qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, YeIga a’zo bo‘lmagan Norvegiya ham tashabbusga qo‘shilgan. 2021 yilda Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatni qo‘lga kiritgandan beri ko‘plab Yevropa davlatlari mazkur harakat bilan deportatsiya shartlarini muhokama qilmagan. Shu sababli hatto jinoyat sodir etgan afg‘on fuqarolarini ham vataniga qaytarish imkoni bo‘lmayapti. Bu holat Yevropa xavfsizligiga tahdid solayotgani va jamiyatning boshpana siyosatiga ishonchini susaytirayotgani qayd etilgan. Tashabbuschilar Yevrokomissiyadan afg‘on muhojirlarni qaytarish masalasini ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqishni so‘ramoqda. «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin ularni qonuniy hukumat sifatida faqat Rossiya rasman tan olgan. Germaniya hukumati esa afg‘on fuqarolarini repatriatsiya qilish bo‘yicha «Tolibon» bilan kelishuvga juda yaqin turgani aytilgan. Afg‘onlar bu mamlakatda boshpana so‘rovchilar orasidagi ikkinchi eng yirik guruh hisoblanadi. Iyul oyida Fridrix Mers rahbarligidagi hukumat 81 nafar afg‘on fuqarosini deportatsiya qilgani haqida ma’lum qilingan. Biroq BMT bu harakatni tanqid qildi, chunki Afg‘oniston qochqinlarni «qaytarmaslik tavsiyasi» ostidagi davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois xalqaro huquq nuqtai nazaridan bu amaliyot jiddiy bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid