
Yiliga 20 mln turist: O‘zbekiston qanday qilib ikki barobar ko‘proq sayyoh jalb qilmoqchi?
28.09.2025 | 11:2624374
O‘zbekistonda turizmni 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasi tayyorlanmoqda. Yangi konsepsiya yiliga 20 mln turistni jalb etish va yuqori daromadli segmentga chiqishni maqsad qiladi.

Strategik islohotlar agentligida «Reformatics» konsalting kompaniyasi rahbari Nika Gilauri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hozir mazkur kompaniya bilan hamkorlikda mamlakat turizm salohiyatini 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ekspertlar tomonidan mehmonxonalar va turoperatorlar faoliyati, transport infratuzilmasi, viza siyosati, tarixiy va madaniy obidalar, xizmat ko‘rsatish sifatining holati o‘rganildi. O‘tgan yili O‘zbekistonga 10 mln sayyoh kelgan bo‘lsa-da, mavjud imkoniyatlarga nisbatan bu ko‘rsatkich past ekanligi qayd etildi. Shu bois 20 mln sayyohni jalb qilish hamda yuqori daromadli turistik segmentga chiqish maqsad qilingan.
«Reformatics» mutaxassislari 5 ta ustuvor yo‘nalishni tavsiya qildi: madaniyat va tarixiy meros, gastronomiya, «luxury» turizm, ko‘ngilochar turizm va innovatsion yo‘nalishlar. Buning uchun xizmat sifatini oshirish, yangi mahsulotlar yaratish, investorlarni jalb etish va samarali marketing orqali O‘zbekistonning xalqaro imijini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Strategik islohotlar agentligi direktori transport sohasida qulayliklarni oshirish, ayniqsa, viloyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlarni ko‘paytirish muhim ekanini qayd etdi. Shu orqali nafaqat xorijiy, balki ichki turizm ham rivojlanishi mumkinligiga urg‘u berildi.
Shuningdek, har bir hududda mavjud imkoniyatlarni chuqur o‘rganish va ulardan to‘laqonli foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida «Reformatics» mutaxassislari viloyatlarga tashrif buyurishi kelishib olindi.
Yig‘ilish yakunida turizm strategiyasini tasdiqlashga oid Prezident farmoni loyihasini tayyorlash va uni joriy yil noyabrda davlat rahbariga taqdim etish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar yuzasidan ham tavsiyalar muhokama etildi.





