
Zelenskiy: G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yoshlar mobilizatsiyasiga bog‘layapti
11.06.2025 | 09:4012644
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni Ukrainada mobilizatsiya yoshini 18 yoshga tushirish bilan bog‘layotganini ma’lum qildi.

Vengriyaning Valasz Online nashriga intervyu bergan Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ayrim G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi radikal sanksiyalarni qabul qilishda Ukrainada yoshlar umumiy safarbarligi amalga oshirilmayotganini sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Prezident esa bu yondashuvga qarshiligini bildirib, «urushda hal qiluvchi omil insonlar soni emas, balki qurol va texnologiyalar» ekanini ta’kidladi.
U so‘zlarida yaqinda o‘tkazilgan «Pautina» amaliyotini misol keltirdi — u yerda Ukraina Rossiyaning strategik aerodromlarida kamida 10 ta yadroviy bombardimonchi samolyotni yo‘q qilgan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, pul mablag‘lari va xalqaro bosim ham urush salohiyatiga ta’sir ko‘rsatadi va sanksiyalar avvalambor agressorning moliyaviy manbalarini nishonga olishi kerak.
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina hukumati 18–24 yoshli shaxslarga ixtiyoriy ravishda bir yillik kontrakt asosida frontda xizmat qilishga ruxsat berganini eslatdi. Bu chora G‘arbning yosh bo‘yicha talablariga javob sifatida qo‘llangan edi. Ammo shunga qaramay, prezidentning ta’kidlashicha, minglab ukrain askarlari frontda hali ham yetarli qurol-yaroqsiz jang qilmoqda.
Zelenskiy mobilizatsiya har qanday urushda og‘riqli masala ekanini tan oldi. Unga ko‘ra, Ukraina har oyda armiyani 27 ming kishiga to‘ldirmoqda, Rossiya esa bir oyda 40–50 minggacha jangchi jalb qilmoqda.
U shuningdek, Donald Trampning Oq uyga qaytishi ortidan Rossiyaning Ukraina shaharlariga zarbalari kuchayganini ta’kidladi. Zelenskiy AQSH va G‘arb davlatlarini yana bir bor sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirar ekan, Putinning o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortganini esga soldi. Garchi Senatda Rossiya nefti va gaziga 500 foizlik bojlar haqida qonun loyihasi mavjud bo‘lsa-da, Tramp ma’muriyati uni yumshatishga urinayotgani ta’kidlandi.





