
Zelenskiy Rossiyaga tegishli 1600 vagonni musodara qilishni taklif qildi
05.07.2025 | 21:3023332
Ukraina rahbari mazkur mulk davlat ehtiyojlari uchun olinishi kerakligini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga qarashli 1592 ta temiryo‘l vagonini davlat foydasiga musodara qilish haqidagi qonun loyihasini Oliy Radaga taqdim etdi. Hujjat parlament rasmiy saytida e’lon qilindi.
Izohlovchi xatda qayd etilishicha, bu vagonlar ustidan nazorat o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish zarur. Bu jarayon davlat tomonidan umumiy manfaatlar asosida mulkka egalik qilish huquqiga tayanadi.
Ma’lumot uchun, Ukraina 2022 yil martidan beri Rossiya va Belarusga tegishli aktivlarni kompensatsiyasiz musodara qilish huquqini beruvchi qonun asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Ukraina rasmiylarining bildirishicha, so‘nggi yillarda ushbu qonun doirasida taxminan 940 million dollarlik mulk musodara qilingan va davlat tasarrufiga o‘tkazilgan.
Rossiya esa bunday xatti-harakatlarni mutlaqo noqonuniy, deb baholab, ularni «talon-taroj» sifatida ta’riflamoqda.





