15 million dollarlik mukofot: «El Mencho»ning o‘ldirilishi qanchalik ahamiyatga ega edi?
Rossiyalik harbiy muhandislarni yollab, AQSHga giyohvand modda tashish uchun maxfiy suvosti kemalari qurgan «El Mencho» yo‘q qilindi. Raqiblariga nisbatan vahimali tahdid usullarini qo‘llagan narkobaronning o‘limi sabab 2026 yilgi Jahon chempionati mezboni Gvadalaxarada hayot deyarli to‘xtab qoldi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ko‘magida amalga oshirilgan harbiy reyd davomida Meksika xavfsizlik kuchlari qidiruvda bo‘lgan narkobaronlardan biri — «El Mencho» laqabi bilan tanilgan Nemesio Oseguyera Servantesni topishga va yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi.
23-fevral kuni yuz bergan operatsiyadan so‘ng darhol Meksikaning ko‘plab hududlarida zo‘ravonliklar avj oldi: qurollangan shaxslar 20 ta shtatda avtomobillarga o‘t qo‘yib, yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi.
Quyida «El Mencho» aslida kim bo‘lgani, u qanday o‘ldirilgani hamda uning o‘limi AQSH va Meksika uchun qanday oqibatlarga olib kelishi haqida so‘z yuritamiz.
«El Mencho» kim edi?
U Meksikaning g‘arbiy qismidagi Xalisko shtatida joylashgan va ulkan harbiy arsenali bilan tanilgan «Xalisko — Yangi avlod» (Jalisco New Generation Cartel) kartelining yetakchisi edi.
O‘ldirilgan paytda 59 yoshda bo‘lgan «El Mencho» asli qo‘shni Michoakan shtatidan bo‘lgan. Mish-mishlarga ko‘ra, u narkobaronga aylanishidan avval politsiya xodimi bo‘lib ishlagan.
U 1990-yillarda Meksikaning giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyat olamida yuksala boshlagan. 1994 yilda AQSHda narkotik savdosi uchun sudlanib, Meksikaga qaytishdan avval qariyb uch yil qamoqda o‘tirgan.
«El Mencho»ning o‘z raqiblariga nisbatan qo‘llagan usullari haqida ko‘plab vahimali hikoyalar mavjud.
«Rolling Stone» jurnali 2015 yilda AQSH Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasining (DEA) ismi sir qolgan sobiq agentiga tayanib xabar berishicha, u bir safar meksikalik prokurorga tahdid sifatida muzlatkich ichida cho‘chqaning kesilgan kallasini yuborgan.
Undan qolgan telefon yozuvlaridan birida u «Delta bir» chaqiruv belgisiga ega mahalliy politsiya komandiriga, agar uning xodimlari chekinmasa, uni va hatto itlarini ham o‘ldirishni va’da qilib, so‘ngida beparvolik bilan «yomon so‘zlar uchun uzr», deya suhbatni tugatgan.
«El Mencho» qudratli narkofurushga aylanib borarkan, Janubiy Amerikadan AQSHga giyohvand moddalarni yetkazib berish uchun suvosti kemalariga katta sarmoya kirita boshlagan. Jurnalning yozishicha, u suvosti kemalarini loyihalashtirishda yordam berish uchun rossiyalik harbiy muhandislarni yollagan.
U Vashington uchun eng qidiruvda bo‘lgan qochoqlardan biriga aylangan va AQSH uni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot va’da qilgan edi.

«Xalisko — Yangi avlod» karteli haqida nimalar ma’lum?
«El Mencho» kartelga taxminan 2009 yilda asos solgan va onlayn tarzda odam yollash, shuningdek, yoqilg‘i o‘g‘riligi, tovlamachilik, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq firibgarliklar va boshqa jinoiy yo‘llar orqali daromad manbalarini diversifikatsiya qilish hisobiga uni tez sur’atlarda kengaytirgan.
AQSH rasmiylari «Xalisko» kartelini «Sinaloa» karteli bilan birgalikda so‘nggi yillarda AQSHga fentanil yetkazib berish uchun asosiy mas’ul tashkilotlar sifatida qayd etgan. Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi «Xalisko»ni AQSHning barcha 50 ta shtatida o‘z ta’siriga ega bo‘lgan «Sinaloa» kabi qudratli deb hisoblaydi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, kartel Meksikaning 32 ta shtatidan 21 tasida faol harakat qiladi.
«Xalisko» karteli Meksika xavfsizlik kuchlariga uyushtirgan hujumlari bilan ham nom chiqargan. 2021 yilda ular Xaliskoda harbiy vertolyotni urib tushirishgan.
2020 yilda kartel Mexiko politsiyasining o‘sha paytdagi boshlig‘i, hozirda federal xavfsizlik kotibi bo‘lib ishlayotgan Omar Garsiya Xarfuchga suiqasd qilishga uringan.
O‘tgan yilning fevral oyida Meksika «El Mencho»ning akasi, kartel yetakchilaridan biri Antonio Oseguyera Servantesni AQSHga topshirgan edi. Bu voqea AQSH Lotin Amerikasidagi sakkizta jinoiy va narkotik savdosi guruhlarini, jumladan «Xalisko» kartelini «global terrorchi tashkilotlar» ro‘yxatiga kiritganidan bir necha kun o‘tib yuz bergan edi.

«El Mencho» qanday halok bo‘ldi?
«El Mencho» 23-fevral kuni Xalisko shtatining janubiy qismidagi Talpalpa shahrida uni qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazilgan harbiy operatsiya davomida Meksika maxsus kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Narkobaronni hibsga olish uchun yuborilgan qo‘shinlarga uning izdoshlari qurolli qarshilik ko‘rsatishga urinishdi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, u aynan to‘qnashuv vaqtida halok bo‘lgan.
Operatsiya haqida nimalar ma’lum?
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum «X» ijtimoiy tarmog‘ida Milliy mudofaa kotibiyatining ma’lumotiga tayanib, operatsiya federal kuchlar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilganini bildirdi.
«Meksika armiyasi, Milliy gvardiya, Qurolli kuchlar va Xavfsizlik kabinetiga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman», deb yozdi Sheynbaum.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt ham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu operatsiyada ko‘maklashish uchun Meksika hukumatiga razvedka ma’lumotlarini taqdim etganini ta’kidladi.
Livittning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya davomida kartelning yana uch nafar a’zosi o‘ldirilgan, uch nafari yaralangan va ikki kishi hibsga olingan. Hozircha ularning shaxsi rasman tasdiqlangani yo‘q.

AQSH ishtiroki qanchalik ahamiyatli?
Buyuk Britaniyaning Uorik universiteti professori Benjamin Smit «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida Meksika narkobaronlarining so‘nggi paytlardagi qo‘lga olinishi asosan Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
«Bu yangilik emas», dedi u.
London iqtisodiyot maktabi huzuridagi Davlat siyosati maktabi dekani o‘rinbosari Vanessa Rubio-Markesning fikricha, AQSHning ushbu operatsiyadagi ishtiroki «ikki davlat o‘rtasida doimiy va samarali muloqot hamda hamkorlik bo‘lishi zarurligidan dalolat beradi».
«Prekursorlar importi, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va savdosi, iste’mol, pul yuvish, qurol aylanmasi, tovlamachilik va korrupsiya kabi chegaraning har ikki tomonini qamrab olgan transmilliy jinoiy faoliyatga qarshi kurashish hamda fuqarolarni himoya qilish uchun har ikki mamlakat birgalikda harakat qilishi shart», - dedi ilgari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro valuta jamg‘armasi kabi turli xalqaro forumlarda Meksika nomidan ishtirok etgan Rubio-Markes.
«El Mencho»ning o‘limidan keyin nimalar yuz berdi?
23-fevral kuni Xalisko, Kolima, Michoakan, Nayarit, Guanaxuato va Tamaulipas kabi Meksikaning kamida 20 ta shtatida zo‘ravonliklar avj oldi. Xalisko, Michoakan va Guanaxuato rasmiylarining ma’lum qilishicha, yakshanba kungi tartibsizliklar oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgan, ularning yetti nafari milliy gvardiya xodimlaridir.
Joriy yilgi FIFA Jahon chempionatining bir nechta o‘yinlariga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan Xalisko shtati poytaxti Gvadalaxarada yakshanba oqshomida hayot deyarli to‘xtab qoldi — aholi o‘z uylariga berkinishga majbur bo‘ldi. Shu kuni o‘tkazilishi lozim bo‘lgan yuqori darajadagi to‘rtta futbol uchrashuvi noma’lum muddatga qoldirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Gvadalaxara aeroportida yo‘lovchilarning sarosima ichida qochayotgani va Puerto-Valyarta kurort shahri uzra tutun ko‘tarilayotgani aks etgan. Gubernator Pablo Lemus aholini uyda qolishga chaqirdi va jamoat transporti harakatini to‘xtatdi. Dushanba kuni bir nechta shtatlarda maktablar yopildi.
AQSHning Meksikadagi elchixonasi Xalisko, Tamaulipas, Michoakan, Gerrero va Nuevo-Leon shtatlaridagi Amerika fuqarolari uchun xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qilib, ularga binolardan tashqariga chiqmaslikni tavsiya etdi.

Meksikaliklar bunga qanday munosabat bildirishdi?
Tahlilchilarning fikricha, Meksika jamoatchiligi hukumatning jinoiy to‘dalarni jilovlash bo‘yicha ko‘rayotgan choralarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Klaudiya Sheynbaum 2024 yilning oktabr oyida lavozimiga kirishganidan beri Meksikada kunlik qotilliklarning o‘rtacha soni 37 foizga kamaygan.
Nyu Yorkda joylashgan, Amerika qit’asidagi madaniy, siyosiy va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi «Americas Society and Council of the Americas» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyi oxirida Sheynbaumning reytingi qariyb 70 foizni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich u saylanganidan beri barqaror saqlanib kelmoqda.
«Prezident Klaudiya Sheynbaumning o‘tmishdoshi Andres Manuel Lopes Obrador "o‘q emas, quchoqlar" siyosatiga amal qilgani ko‘pchilikka ma’lum edi va bu qattiq tanqid qilinardi. Bu "Morena" [Lopes Obrador va Sheynbaum partiyasi] hukumati tomonidan avvalgi siyosatning keskin o‘zgartirilishi va jinoyatchilikka qarshi qat’iy qarorlar, ma’lumot almashish, razvedka hamda AQSH bilan hamkorlikni o‘z ichiga olgan mukammal strategiya orqali kurashish zarurligining bilvosita tan olinishidir» — deydi Rubio-Markes.

Bundan keyin nimalar sodir bo‘lishi mumkin?
«El Mencho» yo‘q qilingan ushbu operatsiya Meksikaga AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan olib boriladigan muzokaralarda ustunlik berishi mumkin. Tramp agar Meksika narkokartellarga qarshi qat’iy choralar ko‘rmasa, bojxona tariflarini joriy etish yoki hatto harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qilgan edi.
Biroq, ekspertlarning fikricha, ushbu operatsiya Meksikada zo‘ravonliklarning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin, chunki kartellar xavfsizlik kuchlaridan o‘ch olishga harakat qilishadi. Bu voqea ommaviy qotilliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Xalisko — Yangi avlod» kartelining kelajagi hozircha noma’lum, chunki «El Mencho»ning o‘limidan so‘ng hokimiyat vakuumi yuzaga keldi va uning o‘rnini kim egallashi noma’lum bo‘lib qolmoqda.
«Jinoiy guruhlarga qarshi kurash faqatgina ularning yetakchilaridan qutulish va ularni adolatga topshirishdan iborat emas. Bu jinoyatchilikning oldini olish, kartellar qo‘lidagi qudratli qurollarga qarshi kurashish, ularning ko‘p tarmoqli zanjirlarini parchalash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda ijtimoiy tenglik, birdamlik va iqtisodiy rivojlanishga yo‘naltirilgan samarali siyosatni o‘z ichiga olgan murakkab strategiyani talab etadi», — deydi Rubio-Markes.




