
2025/2026 o‘quv yili uchun bakalavr va magistrlarga davlat grantlari tasdiqlandi
Prezident farmoyishi bilan 2025/2026 va undan keyingi uch o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavr va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul parametrlari tasdiqlandi. Grantlar soni bosqich va yo‘nalishlar kesimida aniq belgilab berildi.
18 iyul kuni Prezidentning PF–43-sonli farmoyishi bilan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha 2025/2026 va keyingi uch o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilida kunduzgi bakalavriat ta’lim shakli bo‘yicha 35 500 nafar abituriyent davlat granti asosida qabul qilinadi. Kelgusi yillarda bu raqam bosqichma-bosqich ko‘payib, 2028/2029 o‘quv yilida 36 761 nafarga yetkaziladi.
Magistratura bosqichida esa 2025/2026 o‘quv yilida 9 922 nafar talaba davlat granti asosida tahsil oladi. Bu ko‘rsatkich ham bosqichma-bosqich oshib, 2028/2029 o‘quv yilida 10 784 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat komissiyasiga bir qator takliflarni kiritadi. Jumladan, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan 1 320 ta grant, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta grant hamda xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 000 ta grantning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti belgilanadi.
Bu qaror ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va sohaga davlat qo‘llab-quvvatlashini oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.





