2030-yilda ikki marta Ramazon oyi boshlanadi

09.03.2026 | 15:152 daqiqa

Turkiya Din ishlari boshqarmasi Din ishlari oliy kengashi rayosatining qamariy oy hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilda Ramazon ro‘zasi 36 kun tutiladi.

2030-yilda ikki marta Ramazon oyi boshlanadi

2030-yil davomida Ramazon oyi ikki marta boshlanadi. Birinchi Ramazon 2030-yil 5-yanvarda boshlanib, shu yilning o‘zida tugaydi. Ikkinchisi esa 2030-yil 26-dekabrda boshlanib, 2031-yilda yakunlanadi.

Shu tariqa bir yil ichida birinchi Ramazonda 30 kun, ikkinchisida esa 6 kun ro‘za tutiladi. Natijada jami 36 kun ro‘za tutishga to‘g‘ri keladi.

«Bu sikl 32–33 yilda bir marta takrorlanadi»

Turkiya Din ishlari oliy kengashi astronomi Humeyra Nur Ishlekning «Anadolu»ga ma’lum qilishicha, hijriy taqvimga ko‘ra Ramazon oyi taxminan 32–33 yilda bir marta bir yil ichida ikki marta boshlanadi.

Uning ta’kidlashicha, bu holat hijriy taqvim har yili milodiy taqvimdan taxminan 10–11 kun oldin kelishi bilan bog‘liq.

«Shu tarzda barcha oylar milodiy taqvim bo‘ylab aylanib chiqadi. 2030-yilda Ramazon oyi 5-yanvarda boshlanadi va 30 kun ro‘za tutiladi. Yil oxiriga yaqin, 26-dekabrda yana Ramazon boshlanadi va 6 kun ro‘za tutiladi. Demak, yil boshida 30 kun, yil oxirida 6 kun – jami bir yilda 36 kun Ramazon ro‘zasi tutiladi», – dedi u.

Ishlekning aytishicha, Ramazon oyining bir yilda ikki marta boshlanishi faqat 2030-yilga xos holat emas. Ilgari ham 1900, 1932, 1964 va 1997-yillarda yanvar va dekabr oylarida Ramazon boshlangan va shu yillarda ikki marta Ramazon boshlanishi kuzatilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 2062–2063-yillarda ham bu sikl yana takrorlanishi mumkin. Umuman olganda, bu holat har 32–33 yilda bir marta sodir bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilda O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri keldi. Bugun, 9-mart Ramazonning 19-kuni.

Teglar

Mavzuga oid

2030-yilda ikki marta Ramazon oyi boshlanadi | Vaqt.uz