Qirg‘iziston islomiy banklar uchun yangi qoidalarni joriy etmoqchi
Mijoz topshiriqni bajargani haqida bankka xabar berishi va tovarni sotib olish bo‘yicha taklif yuborishi kerak bo‘ladi. Bank esa bu taklifni qabul qilib, tovarni mijozga sotgani haqida xabar berishi lozim.
© Foto: asia24.mediaQirg‘iziston Milliy banki islomiy bank faoliyati va moliyalashtirish qoidalarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Yangi qoidalar banklar tovarlarni sotib olib, keyin mijozlarga sotadigan murabaxa bitimlarini aniqlashtiradi.
Shuningdek, an’anaviy banklar tarkibidagi «islomiy darchalar» faoliyatiga qo‘yiladigan talablar kuchaytiriladi. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, bank tovarni sotib olish uchun mijozni o‘z vakili etib tayinlashi mumkin bo‘ladi. Bunda mijoz bank nomidan va uning mablag‘lari hisobidan yoki o‘z nomidan, ammo bank puli evaziga ish ko‘rishi mumkin.
Milliy bank bunday operatsiyalarda vakil sotib olgan tovarni bankka topshirish tartibini alohida belgilashni taklif qilmoqda. Mijoz topshiriqni bajargani haqida bankka xabar berishi va tovarni sotib olish bo‘yicha taklif yuborishi kerak bo‘ladi. Bank esa bu taklifni qabul qilib, tovarni mijozga sotgani haqida xabar berishi lozim.
Loyihada mijoz-vakil orqali jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishga ham ruxsat berish ko‘zda tutilgan. Bunday holatda bank vakiliga naqd pul berishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, qonunchilikda mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilsa, murabaxa asosida sotib olinayotgan mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham mijoz bank vakili sifatida ish yuritishiga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bunda tovar mijozga topshirilguniga qadar uni tashish yoki saqlash vaqtida shikastlanishi, yo‘q bo‘lib ketishi yoki yo‘qotilishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar bank zimmasida bo‘ladi. Bank bu xavflarni garov hisobidan qoplay olmaydi.
Hisob-kitob qoidalari o‘zgaradi
Loyihada islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlaydigan banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari uchun hisobvaraqlar rejasini yangilash ham nazarda tutilgan. Jumladan, hisob-kitoblardagi «Qard-Hasan» atamasini «Qard» atamasiga almashtirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, «Sharika/mushoraka va kamayib boruvchi mushoraka» atamasidan foydalanish aniqlashtiriladi.
Bundan tashqari, o‘zgarishlar mudaraba, vadi’a yad damana va islomiy moliyalashtirishning boshqa turlariga oid hisobvaraqlarga ham taalluqli. Jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, mamlakat rezidentlari va norezidentlari bilan bog‘liq operatsiyalarni hisobga olish tartibi aniqlashtiriladi.
«Islomiy darchalar»ga qo‘yiladigan talablar
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar «islomiy darchalar» faoliyatiga ham tegishli. Bular an’anaviy banklar tarkibida ishlaydigan va islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatadigan bo‘limlardir. Ular uchun ichki nazorat va mablag‘lar hamda operatsiyalarni alohida hisobga olish bo‘yicha batafsil talablar belgilash taklif qilinmoqda.
Xususan, shariat kengashi operatsiyalarning shariat talablariga muvofiqligi bo‘yicha qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lishi kerak. «Islomiy darcha» xodimlarining ham ushbu talablarga rioya etish bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda mustaqilligi ta’minlanishi lozim.
Banklar «islomiy darchalar»ni moliyalashtirish, ular taklif qiladigan mahsulot va xizmatlarni tasdiqlash, shuningdek, ularni reklama qilish va ular haqida ma’lumot tarqatish qoidalarini belgilashi shart bo‘ladi. Narxlarni belgilashda shaffoflik va iqtisodiy asoslanganlikka ham alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, «islomiy darchalar»da malakali xodimlar va avtomatlashtirilgan tizimlar bo‘lishi shart. Ular mablag‘lar, daromadlar, xarajatlar va operatsiyalarni alohida hisobga olish imkonini berishi kerak.
O‘zgarishlar qachon kuchga kiradi?
Milliy bank qaror loyihasi bo‘yicha taklif va e’tirozlarni 2026-yil 3-noyabrgacha qabul qiladi. Hujjatda qarorni 2026-yil 13-dekabrdan kuchga kiritish belgilangan. O‘zgarishlar murabaxa bitimlarini tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Milliy bankning me’yoriy hujjatlarini yangilash maqsadida tayyorlangan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil iyun oyida Qirg‘iziston islomiy bank faoliyatiga oid qonunchilik normalarini yangilagan edi.




