Jahon banki O‘zbekistonga 100 mln dollar qarz bermoqchi
Bank bu pul elektr taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish uchun berilayotganini aytdi. Yaqinda Osiyo taraqqiyot banki ham 200 mln dollar qarz ajratgandi.
© XJahon banki Ijrochi direktorlar kengashi 27-oktabr kuni O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimining samaradorligi va ishonchliligini oshirish uchun 100 million dollar miqdoridagi qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Bankning yozishicha, modernizatsiya qilingan energetika infratuzilmasi obyektlari ishga tushirilgandan keyin besh yil ichida dastur 11 ming 700 ga yaqin qo‘shimcha sifatli ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi kutilmoqda.
Dastur «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi. Uning doirasida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida mamlakat bo‘ylab 60 ta asosiy podstansiyani modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga investitsiyalar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Dasturning amalga oshirilishi 2031-yilga borib modernizatsiya qilingan podstansiyalarda yillik elektr energiyasi yo‘qotishlarini 20 ming megavatt-soatga (MVt·soat) qisqartirish va kamida 3,3 GVt qayta tiklanadigan energiya quvvatlarini elektr tarmog‘iga integratsiya qilish uchun sharoit yaratish imkonini berishi kutilmoqda. Bundan tashqari, dastur har yili deyarli 23 ming tonna karbonat angidridga teng bo‘lgan issiqxona gazlari chiqindilari atmosferaga chiqishining oldini olish imkonini beradi.
Jahon banki Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan birgalikda global to‘liq o‘zaro ishonch mexanizmi (Full Mutual Reliance Framework, FMRF) doirasida «Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish» dasturini moliyalashtirmoqda. Ushbu mexanizm dasturni tayyorlash va uning amalga oshirilishini nazorat qilishda ikki moliya institutining yagona yondashuvini nazarda tutadi, bu esa tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi va O‘zbekiston hukumati uchun bir-birini takrorlaydigan protseduralarning oldini oladi.
2026-yil 30-sentabrda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga 200 million dollar miqdorida qarz ajratishni ma’qullagandi. Jahon banki guruhining 100 mln dollar miqdorida ajratayotgan qarzi va O‘zbekiston hukumatining davlat budjetidan ajratgan 71 mln dollar miqdoridagi mablag‘larini hisobga olgan holda, dasturni moliyalashtirishning umumiy hajmi 371 mln dollarni tashkil etadi.
Bank O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvatini 25 gigavattga (GVt) yetkazishni maqsad qilganini ta’kidladi. Buning uchun quvvati yuqoriroq va texnologik jihatdan takomillashgan elektr tarmog‘i infratuzilmasi talab etiladi.
«Taqsimlash tarmoqlarining katta qismi bir necha o‘n yillar oldin qurilgan bo‘lib, ko‘plab podstansiyalar ortiqcha yuklama bilan ishlaydi. Bu uy xo‘jaliklari, korxonalar va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalariga ta’sir qiluvchi elektr energiyasi yo‘qotilishi va elektr ta’minotidagi uzilishlarga olib keladi. Iqtisodiy o‘sishning jadal sur’atlari va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishi sharoitida tarmoqlarni modernizatsiya qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda», — deya yozdi JB.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar ajratmoqchiligi haqida yozgan edik.





