Logo

Qambarota-1 GES qurilishi qachon boshlanishi mumkinligi aytildi

Bugun 16:382 daqiqa

Loyihaning umumiy qiymati 4,2 mlrd dollarga baholanmoqda.

Qambarota-1 GES qurilishi qachon boshlanishi mumkinligi aytildi © vesti.kg

Qirg‘izistonda Qambarota-1 gidroelektr stansiyasi (GES) qurilishi 2027 yoki 2028-yilda boshlanishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov Jalolobod viloyatining Toshko‘mir va Qorako‘l shaharlari aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uchrashuvda shaharlardagi infratuzilma muammolari muhokama qilindi. Qorako‘llik aholi vakillaridan biri shahardagi energetika va kommunal xizmatlar holatiga e’tibor qaratdi.

Uning aytishicha, eski quvurlar va issiqlik tarmoqlari yaroqsiz holga kelgan, aholi esa suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Shuningdek, u Qambarota GESi qurilishi haqida gapirib, mazkur loyiha mamlakat uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. O‘zi oltita gidroelektrostansiyaning qurilishida ishtirok etganini aytgan fuqaro ishlarni tezlashtirishga chaqirdi.

Sadir Japarov unga javoban Qambarota-1 GESi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiyaning bevosita qurilishi yaqin yillarda boshlanishi mumkin.

«Qambarota-1 bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Xudo xohlasa, kelasi 2027 yoki 2028-yilda qurilishni boshlaymiz va besh-olti yil ichida qurib bitkazamiz», — dedi prezident.

Ma’lumot uchun, Qambarota-1 GESi Norin daryosida qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligida amalga oshirilmoqda. Stansiyada umumiy quvvati 1 860 megavatt bo‘lgan uchta gidroagregat o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Qurilish tugallangach, GES yiliga taxminan 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 4,2 milliard dollarga baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliardlab pul tikilayotgan Tojikistondagi Rog‘un loyihasidan O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid