Logo

O‘zbekiston tibbiyotida 2,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Kecha 20:512 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan rejaga ko‘ra, poytaxt va hududlarda yangi ixtisoslashgan markazlar, xususan, Milliy onkologiya hamda Respublika nevrologiya va insult markazlari barpo etiladi, Samarqandda esa 800 o‘rinli zamonaviy shifoxona quriladi.

O‘zbekiston tibbiyotida 2,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan 35 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihalar doirasida yangi ixtisoslashgan markazlar hamda ko‘p tarmoqli shifoxonalar quriladi va mavjud tibbiyot muassasalari zamonaviylashtiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya jalb qilish va yirik tibbiyot obyektlarini barpo etish yuzasidan qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur investitsiya portifeli asosida bir qator yirik inshootlar qad rostlaydi.

««Xususan, Milliy onkologiya markazi, Respublika nevrologiya va insult markazi, Toshkent viloyatida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryo viloyatida yangi shifoxonalar hamda Nukus shahridagi onalar va bolalar markazini barpo etish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Termiz shahrida tibbiy ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik modeli asosida Samarqand shahrida 800 o‘rinli shifoxona va Buxoro viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi tashkil etilishi qayd etib o‘tilgan.

1 milliard dollarlik yangi istiqbolli loyihalar va elektron autsorsing tizimi

Amaldagi loyihalardan tashqari, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yana to‘qqizta istiqbolli loyiha bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgani bildirildi. Ushbu loyihalar nevrologiya va insult, ruhiy salomatlik va narkologiya xizmatlari, bolalar onkologiyasi va gematologiyasi infratuzilmasini rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, uning avtoparkini yangilash hamda tibbiy kadrlar tayyorlashni qamrab oladi.

Kelgusida sohaga investitsiya jalb qilish tibbiyot infratuzilmasining master-rejasiga bog‘lanib, shu asosda 2040 yilgacha mo‘ljallangan investitsiya strategiyasi ishlab chiqiladi. Dastlab, amaldagi loyihalar xatlovdan o‘tkazilib, hududlar ehtiyojiga mos loyihalarning investitsiya pasportlari va yagona portfeli shakllantiriladi.

Taqdimotda tibbiyot faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilishning autsorsing usuliga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Kelgusi yildan boshlab yangi tartib kuchga kiradi. Unga ko‘ra, davlat shifoxonalari ayrim tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy tashkilotlardan xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

«2030 yilga borib xizmatlar xaridida autsorsing ulushini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan», — deya ma’lumot berdi matbuot xizmati.

Ushbu jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida ko‘rsatilgan xizmat va to‘lovlarni kuzatib boruvchi «Tibbiyot autsorsingi» elektron tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, yirik tibbiyot tashkilotlariga ochiq tanlov asosida professional boshqaruvchilarni jalb qilish va ularning faoliyatini yillik natija ko‘rsatkichlari asosida baholash ko‘zda tutilgan. 2030 yilgacha beshta yirik muassasada shunday yangi boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Taqdimot yakunida davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga amaldagi loyihalarni jadallashtirish hamda investitsiya strategiyasini master-reja asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Teglar

Mavzuga oid