Logo

Mikromoliya bozorining 99 foizi 82 ta tashkilot hissasiga to‘g‘ri keladi — Markaziy bank

Bugun 15:051 daqiqa

Ushbu mikromoliya tashkilotlarining aktivlari 10 mlrd so‘m va undan yuqoriga teng.

Mikromoliya bozorining 99 foizi 82 ta tashkilot hissasiga to‘g‘ri keladi — Markaziy bank © Foto: Vaqt.uz

O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, 141 ta mikromoliya tashkiloti faoliyat yuritib, ularning jami aktivlari 20,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Shundan 82 tasi aktivlari 10 mlrd so‘m va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hisoblanadi. Aynan ushbu guruh hissasiga 20,5 trln so‘m yoki jami aktivlarning qariyb 99 foizi to‘g‘ri kelmoqda. Ularning sof kreditlari 17,9 trln so‘mni tashkil etib, mikromoliya tashkilotlari jami kredit portfelining asosiy qismini shakllantirgan.

Kapital ko‘rsatkichlarida ham xuddi shunday tarkib kuzatiladi. Jami 4,4 trln so‘mlik kapitalning 4,3 trln so‘mi aktivlari 10 mlrd so‘mdan yuqori tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ustav kapitalida ushbu guruhning hajmi 2 trln so‘mdan ortiq.

Majburiyatlarning jamlanish darajasi yanada yuqori: jami 16,3 trln so‘mlik majburiyatning 16,27 trln so‘mi ushbu 82 ta tashkilot hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ular tomonidan jalb qilingan kreditlar, qarzlar va lizing hajmi esa 13 trln so‘mdan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mikromoliya tashkilotining jami kredit qoldig‘i 18,64 trln so‘mga yetgandi. Ayrim mikromoliya tashkilotlarining har uchta kreditidan ikkitasi muammoli bo‘lib, ayrim kompaniyalarda sof kreditlar jami aktivlarning 50 foizidan ko‘prog‘ini egallagan.

Teglar

Mavzuga oid