Logo

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga tovon puli davlat tomonidan to‘liq to‘lab berildi

Kecha 20:413 daqiqa

Mazkur ish bo‘yicha aybdorlardan 3 yil davomida belgilangan kompensatsiyaning atigi 20 foizi undirilgach, qolgan 80 foiz mablag‘ joriy yilning oktabr oyida davlat hisobidan to‘lab berildi.

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga tovon puli davlat tomonidan to‘liq to‘lab berildi

2026 yilning 20−24-oktabr kunlari «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplaridan vafot etgan va nogironlik orttirgan bolalarning oilalariga tovon pullari davlat tomonidan to‘liq qoplab berildi. Bu haqda jabrlanuvchilarning ota-onalari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov ma’lum qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, kompensatsiya pullari mazkur ishda aybdor deb topilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbariyati hamda dori vositasini ishlab chiqaruvchining O‘zbekistondagi dileri — «Quramax» MCHJ vakillaridan undirilishi belgilangan edi. Taqdim etilgan bank hujjatlariga asosan, o‘tgan 3 yil davomida sudlanganlardan zarar summasining atigi 20 foizi undirilgan. Oxirgi undiruv 2026 yilning avgust oyida amalga oshirilgan bo‘lib, tovon pulining qolgan 80 foizi joriy yilning oktabr oyida davlat hisobidan to‘lab berildi.

Davlat tomonidan qoplab berilgan ushbu mablag‘larning keyinchalik sudlanganlardan qayta undirilishi yoki yo‘qligi hozircha ochiqlanmagan.

«Mazkur masala bo‘yicha yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda jamoatchilikka ma’lumot beramiz va matbuot anjumani ham tashkil etishimiz mumkin», — degan MIB matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov «Gazeta» bilan suhbatda.

Nashrga ko‘ra, kompensatsiya pullari to‘liq tashlab berilganidan so‘ng, 25-oktabrdan boshlab Toshkentdan yuborilgan mas’ullar va tibbiyot xodimlari joylardagi nogironlik orttirgan bolalarning xonadonlariga tashrif buyurishni boshlagan. Kelgan vakillar mazkur jarayon bevosita prezident nazoratida ekanini ta’kidlagan.

Xususan, shumanaylik jabrlanuvchi Shahram Abatbayevning otasiga ko‘ra, ularning uyiga va bola davolanayotgan shifoxonaga vakillar kelgan. Ulardan biri o‘zini Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazi shifokori deb tanishtirib, poytaxtda davolanish uchun chipta va shifoxonaga yotqizish masalalari hal qilib berilishini bildirgan.

Xo‘jaylilik Umida Tajimuratovaning xonadoniga esa LOR shifokorlar borib, bemorni ko‘rikdan o‘tkazgan. Oila a’zolarining ma’lum qilishicha, Toshkentdan kelgan vakillar mahalliy patronaj hamshiralariga shu vaqtgacha bemordan xabar olmagani uchun e’tiroz bildirgan va qizni 4-noyabr kuni Toshkentga olib ketishni rejalashtirgan.

26-oktabr kuni buxorolik Muxtorjon Rahmonovning xonadoniga ham Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari tashrif buyurgan. Bolaning otasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dori asorati oqibatida farzandining eshitish va ko‘rish qobiliyati yo‘qolgan. Xorijdagi muolajalar ham yordam bermagan bo‘lib, endi to‘lab berilgan kompensatsiya puli hisobidan bolaga 20 ming AQSH dollari qiymatidagi implant o‘rnatilishi maqsad qilingan. Xuddi shu kuni sirdaryolik jabrlanuvchi Mansurbek Kemamovning otasi ham farzandining sog‘lig‘idan xabar olish uchun hokimlik, SSV hamda televideniye vakillari kelishi kutilayotganini aytgan.

«Dok-1 Maks» fojiasi va sud jarayonlari

Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi ishlab chiqargan va «Quramax Medical» MCHJ orqali O‘zbekistonga keltirilgan «Dok-1 Maks» hamda «Ambronol» yo‘tal siroplari 2022 yilning kuz-qish oylarida ommaviy zaharlanishlarga sabab bo‘lgan edi. Tarkibida zaharli etilenglikol va dietilenglikol moddalari aniqlangan mazkur dorilar oqibatida 68 nafar bola vafot etgani va 18 nafari og‘ir darajadagi nogironlik orttirgani sud hukmi bilan tasdiqlangan, keyinroq 2024 yil 18-noyabrda Uchtepa tuman sudi qarori bilan yana 5 nafar bola (jumladan, Mansurbek Kemamov) rasman jabrlanuvchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Keng ko‘lamli tergov va sud ishlari yakunida jami 23 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Jumladan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yilga, «Quramax Medical» korxonasining sobiq rahbari Singh Raghvendra Pratar esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etilib, ushbu sudlanganlarning mol-mulklari xatlandi hamda jabrlanuvchilarga tovon pullarini to‘lash maqsadida sotuvga qo‘yildi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorlardan vafot etgan bolalarning oilalariga 1 milliard so‘mdan, nogironlik orttirganlarga esa sog‘lig‘ini tiklash uchun 200 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha kompensatsiya undirilishi belgilangan edi. Biroq, to‘lovlar faqat xatlangan mol-mulklarni sotish hisobidan amalga oshirilgani sababli, jarayon 3 yilga cho‘zildi va og‘ir ahvoldagi farzandlarining muolajalari uchun mablag‘ topolmagan ota-onalar turli instansiyalarga, xususan, 2025 yilning oktabr oyida davlat rahbariga ham murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid