Logo

Davlat qurilishlarida pudrat tashkilotlarining xarajatlari qanday hisoblanadi?

Bugun 14:312 daqiqa

Qurilish ishchilarining ish haqi respublika bo‘yicha bir kishi bir soat ishlagani uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 foizi miqdorida belgilanadi. Bunda ijtimoiy soliq ham hisobga olinadi.

Davlat qurilishlarida pudrat tashkilotlarining xarajatlari qanday hisoblanadi? © vaqt.uz

Hukumat qurilish obyektlarida pudrat tashkilotlarining xarajatlarini hisoblash tartibini belgiladi. Yangi nizomga ko‘ra, davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarida ish haqi, ishlab chiqarish xarajatlari va pudratchining foydasi muayyan me’yorlar asosida hisoblanadi. Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Qarorga ko‘ra, 1-yanvardan boshlab budjet mablag‘lari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz yoki undan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari mablag‘lari hisobidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan obyektlar uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va ularning boshlang‘ich qiymatini belgilashda quyidagi tartib amal qiladi:

Qurilish ishchilarining ish haqi respublika bo‘yicha bir kishi bir soat ishlagani uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 foizi miqdorida belgilanadi. Bunda ijtimoiy soliq ham hisobga olinadi.

Pudrat tashkilotlarining ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 2,5 foizi miqdorida belgilanadi. Tog‘li, cho‘l va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi obyektlar uchun bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil etadi.

Pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 20 foizi, zarur foyda esa 7 foizi miqdorida belgilanadi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini hisoblash, tekshirish va tasdiqlash ishlari «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

Agar pudrat tashkiloti tashkil topganiga bir kalendar yildan oshmagan va balans ko‘rsatkichlari, moliyaviy hisobotlar va hisobot ko‘rsatkichlari topshirilmagan hollarda boshqa xarajatlar smeta qiymatining 10 foizi hamda zarur foyda 7 foizi miqdorida qabul qilinadi.

Ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lar haqiqatda bajarilgan ishlar hajmi va qiymatidan kelib chiqqan holda moliyalashtiriladi.

Tender (tanlov) asosida rasmiylashtiriladigan shartnomalarda shartnoma davrida pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdoriga o‘zgartirish kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan hollar bundan mustasno).

Pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar pudrat tashkilotlari kesimida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida e’lon qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkentda qurilish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid