Logo

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 123,4 mingta o‘lim holati qayd etildi

Kecha 11:401 daqiqa

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida o‘lim holatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,7 foizga kamaydi. Vafot etganlarning 55,5 foizini erkaklar tashkil etdi.

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 123,4 mingta o‘lim holati qayd etildi © yandexmaps

O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 123,4 mingta o‘lim holati qayd etildi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 8,8 mingtaga kam. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 27-oktabrda e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

O‘lim holatlari kamaydi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatda 132,2 mingta o‘lim holati qayd etilgan. Joriy yilda ko‘rsatkich qariyb 6,7 foizga pasaygan. O‘lim koeffitsiyenti 4,2 promilleni tashkil qilgan.

So‘nggi besh yilning yanvar–sentabr oylaridagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:

2022 yil — 130,2 ming;
2023 yil — 129,7 ming;
2024 yil — 131,7 ming;
2025 yil — 132,2 ming;
2026 yil — 123,4 ming.

Shunday qilib, joriy yilning to‘qqiz oyida qayd etilgan o‘lim holatlari ushbu davr uchun so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.

Erkaklar ulushi yuqori

Hisobotga ko‘ra, vafot etganlarning 68,5 ming nafari erkaklar, 54,9 ming nafari ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu jami o‘lim holatlarining mos ravishda 55,5 va 44,5 foizini tashkil etadi.

Yashash joyi bo‘yicha esa o‘lim holatlarining 53,2 foizi shaharlarda, 46,8 foizi qishloqlarda qayd etilgan. Absolyut hisobda shahar aholisi orasida 65,7 ming, qishloq aholisi orasida 57,7 mingta o‘lim holati kuzatilgan.

Tug‘ilish ham kamaygan

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda 638,6 ming nafar bola tirik tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 ming nafarga kam.
Tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq asosida hisoblangan aholining tabiiy o‘sishi 515,2 ming kishini tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid