Logo

Eron elchixonasi Samarqand haqidagi bahsli postini o‘chirib tashladi

Kecha 21:411 daqiqa

Eronning Armanistondagi elchixonasi X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi Samarqandni fors sivilizatsiyasining bir qismi deb atagan postini tarmoqdan olib tashladi. Bu holat O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Eron elchisiga norozilik notasi topshirilganidan so‘ng yuz berdi.

Eron elchixonasi Samarqand haqidagi bahsli postini o‘chirib tashladi © Getty Images / Pavel Tochinsky

Ma’lum qilinishicha, 25-oktabrga kelib Eronning Armanistondagi diplomatik vakolatxonasi tomonidan e’lon qilingan postga olib boruvchi havola ishlamay qolgan.

Avvalroq, 23-oktabr kuni Eronning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Samarqandning tarixiy-madaniy merosini buzib ko‘rsatuvchi hamda siyosiy tusdagi provokatsion bayonotlarni o‘z ichiga olgan postlar yuzasidan qat’iy norozilik bildirgan va elchiga tegishli nota topshirgan.

Bahsning kelib chiqishi


Ushbu holatga AQSH davlat kotibi Marko Rubioning 19-oktabr kuni Samarqandga tashrifi doirasidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Rubio o‘z postida shaharning jahon savdosidagi tarixiy o‘rnini qayd etib, o‘tmish kelajak uchun imkoniyatlar yaratishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Bunga javoban Eronning Armanistondagi elchixonasi Samarqand fors sivilizatsiyasi va me’morchiligining bir qismi ekanini da’vo qilgan. Shuningdek, eronlik diplomatlar Rubioning 7-oktabr kuni Afinada so‘zlagan hamda qadimgi yunonlar va forslar o‘rtasidagi qarama-qarshilikka bag‘ishlangan nutqini ham eslatib o‘tishgan. Bunday bayonotlar Toshkentning keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid