100 yillik kartina rekord narxga sotildi
Auksion uyi narxni Fransiyada savdoga qo‘yilgan kartinalar orasidagi eng yuqori baho deb atagan. Natijada asarni auksionda telefon orqali ishtirok etgan osiyolik kolleksioner sotib olgan.
© ReutersFransuz rassomi Klod Monening «Irislar» kartinasi Fransiyadagi auksionda 50 million yevroga sotildi va mamlakat auksionlarida shu paytgacha sotilgan san’at asarlari orasida rekord o‘rnatdi.
Moybo‘yoqda, tuvalga chizilgan 1,6 ga 1,8 metrli o‘lchamdagi asar Shlyumberje oilasiga tegishli bo‘lgan. U taxminan 1924–1925-yillarda, rassom hayotining so‘nggi yillarida yaratilgan.
Savdolardan oldin Sotheby’s kartinani 22–30 million yevroga baholagan edi. Shu bilan birga, auksion uyi bu bahoni Fransiyada savdoga qo‘yilgan kartinalar orasidagi eng yuqori baho deb atagan. Natijada asarni auksionda telefon orqali ishtirok etgan osiyolik kolleksioner sotib olgan.
Kartina o‘nlab yillar davomida shaxsiy kolleksiyada saqlangan. «Irislar» Jan Shlyumberje tomonidan sotib olinganidan beri Shlyumberje oilasining Parijdagi saroyida saqlangan. Asar keng jamoatchilikka asosan oq-qora fotosurat orqali ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq kartina Parijdagi Kati Granoff galereyasida saqlangan. Galereya uni rassomning o‘g‘li Mishel Monedan sotib olgan.
«Irislar» sotilishidan oldin Fransiya auksionlaridagi rekord Amedeo Modilyanining «Bosh» haykaliga tegishli edi. 2010-yilda ushbu haykal 43,2 million yevroga sotilgan.
Savdolarga boshqa asarlar ham qo‘yildi. Sotheby’s auksioniga Shlyumberje oilasi kolleksiyasidan yana uchta kartina qo‘yildi. 9–12 million yevroga baholangan «Yig‘loqi tol yoki Olovli daraxt», 2–3 million yevrolik «Atirgullar orasidagi uy» hamda 1,2–1,8 million yevroga baholangan «Vernondagi Sena, daraxtlar».
2026-yilda Klod Monening vafot etganiga 100 yil to‘ladi. Parijdagi Christie’s auksionida ham rassomning ikkita asari sotildi. «Purvildagi qoya cheti» 12,7 million yevroga, «Lola solingan uchta tuvak» esa 3,1 million yevroga sotildi.
Bundan tashqari, Christie’s Per-Ogyust Renuarning «Dengiz sohilidagi qizlar» kartinasini 5,8 million yevroga, Pablo Pikassoning «Gryuyer pishlog‘i bilan natyurmort» asarini esa 3 million yevroga sotdi.
Sezanning uchta kartinasi savdodan olib tashlandi. Sotheby’s, shuningdek, Pol Sezanning uchta kartinasini auksionga qo‘yishni rejalashtirgan edi. Biroq savdolar boshlanishidan bir necha soat oldin ular sotuvdan olib tashlandi.
Bunga asarlarning egalari va Eks-an-Provans shahri ma’muriyati o‘rtasida kartinalarni rassomning tug‘ilgan shahriga qaytarish imkoniyati bo‘yicha kelishuvga erishilgani sabab bo‘ldi.
Fransiya Madaniyat vazirligi ko‘magida tomonlar «milliy boyliklar» sifatida tasniflangan ushbu asarlarni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Shu haftada Sotheby’s Nyu-Yorkda ham kim oshdi savdosi o‘tkazdi. Unda milodiy I asrning birinchi yarmiga oid, Yuliy-Klavdiylar sulolasidan bo‘lgan Rim imperatorining marmar tors tasviri 34,3 million dollarga sotildi. Bu summa Qadimgi Rim bilan bog‘liq san’at asarlari uchun rekord bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq fransuz neoklassik rassomi Jak-Lui Davidning «Maratning o‘limi» asari bir qarashda oddiy, biroq haqiqiy qotillikni tasvirlovchi kartina ekani haqida yozgan edik. Bu mashhur asarga diqqat bilan qaralsa, unda yashiringan siyosiy sirlarni ko‘rish mumkin.
Farangiz Bobojonova
