Vizasiz yo‘nalishlar soni kamaydi: O‘zbekiston 2030-yilgacha 50 ta davlat bilan vizasiz rejim o‘rnata oladimi?
O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda biryo‘la 9 pog‘onaga pastlab, 82-o‘ringa tushdi. Bu o‘zgarish mamlakat fuqarolarining vizasiz sayohat imkoniyatlari va O‘zbekiston pasportining xalqaro mavqei haqidagi savollarni keltirib chiqardi. Shu sababli Vaqt.uz O‘zbekiston pasporti reytingda nega pastlagani va so‘nggi besh yilda qanday o‘zgarishlar kuzatilganini tahlil qildi.

«Henley Passport Index» mamlakat pasportlarini ular orqali oldindan viza rasmiylashtirmasdan borish mumkin bo‘lgan davlat va hududlar soniga qarab baholovchi xalqaro reyting hisoblanadi.
2026-yilning oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 57 ta yo‘nalishga oldindan viza olmasdan safar qilishi mumkin. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 62 tani tashkil etgan. Shunday qilib, bir yil ichida o‘zbekistonliklar uchun ochiq yo‘nalishlar soni beshtaga kamaygan, mamlakat pasporti esa xalqaro reytingda 82-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston pasportininsh xalqaro reytingdagi o‘rnini yaxshiroq tushunish uchun nafaqat joriy natijani, balki so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni ham ko‘rib chiqish lozim.
O‘zbekiston pasporti so‘nggi besh yilda qanday o‘zgardi?
2021-yilda O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda 92-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2025-yilda 80-o‘ringa ko‘tarildi. Ammo bu o‘sish 2026-yilda davom etmadi. Oktyabr oyidagi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston 82-o‘ringa tushdi. Aprel oyida 73-o‘rinda bo‘lgan mamlakat pasporti esa bir necha oy ichida 9 pog‘ona pastladi.

Vizasiz borish mumkin bo‘lgan davlat va hududlar sonida ham o‘zgarish bor. 2024–2025-yillarda o‘zbekistonliklar 62 ta yo‘nalishga vizasiz safar qilishi mumkin edi. 2026-yilning oktabrida esa bu ko‘rsatkich 57 taga tushdi. Ya’ni, bir yil ichida beshta yo‘nalish bo‘yicha imkoniyat qisqardi. Taqqoslash uchun, 2021-yilda ham bu ko‘rsatkich 56 tani tashkil etgan.
Shunday qilib, so‘nggi yillardagi o‘sish ortidan pasayish kuzatildi. O‘zbekiston pasportining reytingdagi o‘rni ham, vizasiz safar qilish imkoniyatlari ham avvalgi natijalarga qaraganda kamaydi. Bunga aynan qaysi omillar ta’sir qilganini tahlil qilish uchun vizasiz kirish tartibidagi o‘zgarishlar va boshqa mamlakatlar pasportlarining reytingdagi natijalarini ham ko‘rib chiqish lozim.
O‘zbekiston pasportining reytingi nega pasaydi?
So‘nggi besh yilda bir qator davlatlar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz yoki soddalashtirilgan kirish tartibini qayta ko‘rib chiqdi. Jumladan, Ekvador, Chernogoriya va Tailandda viza talablari o‘zgardi, bu esa o‘zbekistonliklarning ayrim yo‘nalishlarga safar qilish imkoniyatlarini chekladi.
Masalan, Ekvador 2025-yil 1-sentabrdan O‘zbekiston bilan birga 45 ta davlat fuqarolari uchun tranzit vizasini joriy qildi. Ro‘yxatga Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Hindiston, Xitoy va Pokiston ham kiritildi. Bu qaror AQSHga Meksika orqali noqonuniy kirishga urinayotgan migrantlar oqimini cheklash choralari bilan bog‘liq. Ekvador hududidan tranzit yo‘li sifatida foydalanish xavfi sababli ushbu davlatlar fuqarolari uchun viza talabi kuchaytirildi.
Yana bir misol — Chernogoriya. Mamlakat 2025-yilning oktabrida O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vaqtinchalik vizasiz kirish tartibini bekor qildi.
Shu bilan birga, Quvayt fuqarolari uchun ham vizasiz rejim to‘xtatildi. Chernogoriya hukumati bu qarorlarni Yevropa Ittifoqining viza siyosatiga moslashish va mamlakatning YIga a’zo bo‘lish jarayonidagi majburiyatlari bilan izohladi.
2026-yil 15-sentabrdan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz kirish va kelganda viza olish imkoniyatini bekor qildi. Endi o‘zbekistonliklar safardan oldin viza rasmiylashtirishi kerak.
Rasmiylar vizasiz rejimdan foydalanib, noqonuniy ishlash, ruxsatsiz biznes yuritish va firibgarlik bilan bog‘liq faoliyatga aralashish holatlari ko‘payganini qayd etgan. Shu sababli mamlakatga kirish tartibini qat’iylashtirish va xorijliklar ustidan nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Yangi tartib jami 93 ta davlat fuqarolariga ham ta’sir qildi, biroq ayrim mamlakatlar, jumladan, Qozog‘iston fuqarolari uchun vizasiz kirish imkoniyati saqlanib qoldi.
Shuningdek, Misr ham O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish talablarini kuchaytirmoqda. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab o‘zbekistonlik sayyohlar safar oldidan viza rasmiylashtirishi va belgilangan qo‘shimcha talablarni bajarishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa, Misr ham vizasiz yoki soddalashtirilgan safar tartibi o‘zgarayotgan davlatlar qatoriga qo‘shilmoqda.
Reyting faqat vizasiz yo‘nalishlar soniga bog‘liqmi?
Yo‘q. «Henley Passport Index» mamlakat pasportlarini oldindan viza olmasdan borish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar soniga qarab baholaydi. Bunda vizasiz kirish, kelgach viza olish va oldindan hukumat tasdig‘ini talab qilmaydigan elektron kirish ruxsatnomalari ham hisobga olinadi. Oldindan tasdiqlanishi shart bo‘lgan elektron vizalar esa bu imtiyozga kirmaydi.
Reytingdagi o‘rin faqat muayyan mamlakatning viza siyosatiga emas, boshqa davlatlar natijalariga ham bog‘liq. Masalan, boshqa mamlakatlar yangi vizasiz kelishuvlarga erishsa yoki fuqarolari uchun ochiq yo‘nalishlar sonini ko‘paytirsa, O‘zbekistonning ko‘rsatkichi o‘zgarmagan taqdirda ham uning reytingdagi o‘rni pasayishi mumkin. Chunki bu reytingda mamlakatlar bir-biriga nisbatan baholanadi.
Shu bois O‘zbekiston pasportining xalqaro reytingdagi o‘zgarishini tahlil qilishda nafaqat viza tartibidagi cheklovlarni, balki boshqa mamlakatlarning safar imkoniyatlari va reytingdagi natijalarini ham hisobga olish kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Markaziy Osiyo davlatlari pasportlarini taqqoslaganda, Qozog‘iston eng yuqori natijani qayd etgan. «Henley Passport Index»ning 2026-yil oktabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 66-o‘rinni egallagan. Qozog‘iston fuqarolari 77 ta yo‘nalishga oldindan viza olmasdan borishi mumkin.
Qirg‘iz Respublikasi 78-o‘rinda bo‘lib, 63 ta yo‘nalishga, O‘zbekiston esa 82-o‘rinda turib, 57 ta yo‘nalishga oldindan viza olmasdan safar qilish imkoniyatiga ega. Demak, O‘zbekiston fuqarolari uchun ochiq yo‘nalishlar soni Qozog‘istonga nisbatan 20 ta, Qirg‘iz Respublikasiga nisbatan esa 6 ta kam.
Mintaqaning boshqa davlatlari reytingda O‘zbekistondan pastroqda joylashgan. Tojikiston 86-o‘rinda bo‘lib, fuqarolari 53 ta yo‘nalishga, Turkmaniston 93-o‘rinda bo‘lib, 44 ta yo‘nalishga oldindan viza olmasdan borishi mumkin.
Afg‘oniston esa 106-o‘rinni egallagan. Uning fuqarolari uchun bunday yo‘nalishlar soni 22 tani tashkil etadi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasidan ortda, ammo Tojikiston va Turkmanistondan yuqorida turibdi. Bu natijalar mintaqa davlatlari fuqarolarining vizasiz safar qilish imkoniyatlari bir xil emasligini ko‘rsatadi.
2030-yilgacha 110 ta davlatga borish imkoniyati yaratiladi
O‘zbekiston 2030-yilgacha fuqarolari uchun vizasiz va soddalashtirilgan tartibda borish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini oshirmoqchi. Biroq amaldagi vaziyat umuman boshqa. Ya’ni, O‘zbekiston yangi yo‘nalishlar ochishni rejalashtirayotgan bir paytda, ayrim davlatlarga avvalgidek vizasiz borish imkoniyati qisqarmoqda.
2026-yilning fevralida yangilangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilgacha vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 50 taga, soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni esa 60 taga yetkazilishi kerak. Bu vazifalar ijrosi uchun Tashqi ishlar vazirligi mas’ul etib belgilangan.
Ammo maqsadga erishish uchun yangi kelishuvlar tuzishning o‘zi yetarli emas. «Henley Passport Index» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz borish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar soni bir yil ichida 5 taga kamaydi. Tailand, Chernogoriya va Ekvadorda vizasiz kirish tartibining cheklanishi o‘zbekistonliklar uchun avval ochiq bo‘lgan yo‘nalishlar qisqarishiga olib keldi.
2030-yilgi maqsadga erishish uchun O‘zbekiston yangi davlatlar bilan muzokaralarni faollashtirishi bilan birga, amaldagi vizasiz tartiblar nega bekor qilinayotganini ham jiddiy ko‘rib chiqishi kerak. Fuqarolar uchun yangi yo‘nalishlar ochish qanchalik muhim bo‘lsa, mavjud imkoniyatlarni saqlab qolish ham shunchalik zarur. Aks holda, bir tomondan erishilgan kelishuvlar ikkinchi tomondan yo‘qotilgan imkoniyatlarning o‘rnini to‘ldirishga sarflanadi va belgilangan maqsadga yetish yanada qiyinlashadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning iyulida e’lon qilingan «Global Passport Index» reytingida O‘zbekiston pasporti 123-o‘rinni egallagandi. «Henley Passport Index»dan farqli ravishda, ushbu reyting faqat vizasiz safar imkoniyatlarini emas, balki investitsiya jozibadorligi va hayot sifatini ham hisobga oladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston 107-o‘rin, Qirg‘iziston 127-o‘rin, Tojikiston 140-o‘rin va Turkmaniston 144-o‘rinni qayd etgan.
Teglar






