Logo

AQSH va Eron urushi: avval va hozir. 8 oylik urush tahlili

Bugun 16:169 daqiqa

Joriy yilning fevral oyida AQSH va Isroilning Eronga zarbalari bilan boshlangan urush sakkiz oy ichida butun mintaqadagi vaziyatni o‘zgartirdi. Urush boshlanganidan beri harbiy, iqtisodiy va siyosiy vaziyat qanday o‘zgardi, tomonlar qanday yo‘qotishlarga duch keldi?

AQSH va Eron urushi: avval va hozir. 8 oylik urush tahlili © Ijtimoiy tarmoqlar

Eron rasmiylariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va uning atrofida yettita neft tankeri yonib ketgan yoki shikastlangan. Islom inqilobi muhofizlari korpusi («IIMK») AQSHning yangi hujumlari yanada kengroq javob zarbalariga sabab bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Butun dunyo esa harbiy harakatlarning qayta boshlanishi ehtimolidan qattiq xavotirda.

Tahlilchilar 3-noyabrdagi oraliq saylovlardan oldin AQSH hujum qilishini dargumon deb hisoblasa-da, har ikki tomonning o‘zaro tahdidlari va keskin bayonotlari yangi zarbalarga yo‘l ochishi mumkinligi haqidagi xadikni kuchaytirmoqda. Mojaro markazida esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Eronning yadroviy inshootlari ustidan nazorat o‘rnatish masalasi turibdi.

Biroq 28-fevral kuni Qo‘shma Shtatlar va Isroil Eronga ilk zarbalarini yo‘llaguniga qadar, jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan Fors ko‘rfazidagi ushbu muhim suv yo‘lida hech qanday muammo yo‘q edi. Qolaversa, o‘sha paytda Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan edi.

AQSHning mudofaa qurollari zaxirasi tugab borayotgan va global energetika inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda, ehtimoliy yangi zarbalar oldidan vaziyat qanday? Bugungi holat barchasi boshlanishidan oldingi — fevral oyidagi vaziyatdan nimasi bilan farq qiladi?

Urush geografiyasi qanday o‘zgardi?

Urush boshlanmasidan oldingi (fevraldagi) holatdan farqli o‘laroq, agar hujumlar qayta boshlansa, AQSH va Eron bir nechta turli frontlarda jang qilishiga to‘g‘ri keladi.

AQSH va Isroilning Eronga yo‘llagan zarbalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad uning rahbariyatini ag‘darish bo‘lsa-da, yana bir vazifa — Eronning mintaqaviy ittifoqchilarini, xususan, «Hizbulloh»ni zaiflashtirish edi.

Hujumni e’lon qilar ekan, Tramp Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarning AQSH kuchlariga hujum qilishiga hamda mintaqadagi barqarorlikni buzishiga aslo yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.

Garchi bu hujum Eronda hukumat almashishiga olib kelmagan bo‘lsa-da, Isroilning G‘azodagi tajovuzi oqibatida «HAMAS» jiddiy ravishda zaiflashdi. O‘tgan yilning oktabr oyida AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «o‘t ochishni to‘xtatish» tartibi e’lon qilinganidan buyon 1400 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

AQSH va Isroilning ilk aviazarbalari oqibatida Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy o‘ldirilganidan so‘ng, «Hizbulloh»ning Isroil shimolidagi nishonlarga qilgan javob hujumlari mart oyining boshlarida Livanni ham urushga tortib ketdi.

Isroil Livan janubi va Bayrut atrofidagi «Hizbulloh»ning tayanch nuqtalari deb hisoblangan joylarni bombardimon qilishni boshladi. Ma’lum bir vaqtda u mamlakatning qariyb beshdan bir qismini egallab olib, bir milliondan ortiq odamni o‘z uy-joyini tark etishga majbur qildi. Isroil hamon Livanning janubiy chegarasidagi kattagina hududni egallab turibdi.

Suv yo‘llari va energetika inshootlari jang maydoniga aylangan

Biroq eng katta geografik o‘zgarish Fors ko‘rfazidagi suv yo‘llari va energetika infratuzilmasining asosiy nishonga aylangani bo‘ldi. Eronning AQSH harbiy obyektlari va fuqarolik infratuzilmasiga qilgan hujumlari Ko‘rfaz davlatlarini o‘zlari chetlab o‘tishga umid qilgan urush oqibatlari bilan yuzma-yuz qoldirdi.

Qirollik birlashgan qurolli kuchlar instituti ilmiy xodimi Urban Koningem «Al Jazeera» telekanaliga shunday dedi: «Bungacha AQSH va Eron muzokaralari asosan Eronning mintaqaviy ittifoqchilari hamda yadroviy dasturiga qaratilgan edi. Endilikda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Ko‘rfazga qilingan hujumlar asosiy qarama-qarshilik nuqtasiga aylandi».

Koningemning ta’kidlashicha, Ko‘rfazda avvallari ham hujumlar kuzatilgan bo‘lsa-da, Eronning so‘nggi zarbalari, xususan, neft va gaz infratuzilmasiga qilingan hujumlarning ko‘lami va shiddati vaziyat keskin o‘zgarganidan dalolat beradi.

Urushga qadar xalqaro kemalar qatnovi uchun erkin bo‘lgan Eron va Ummon o‘rtasidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi endi Tehronga o‘z chegaralaridan tashqarida ham katta yo‘qotishlar keltirib chiqarish imkonini bermoqda. AQSH Eron portlarini qamalda ushlab turgan bir paytda, Eron ham bo‘g‘ozdagi kemalarga tahdid va hujum qilishni davom ettirmoqda. Natijada qatnov jiddiy ravishda izdan chiqdi, neft va gaz ta’minoti esa keskin qisqardi.

Mart oyida «CNN» telekanali Pentagon va AQSH Milliy xavfsizlik kengashi Eronning bo‘g‘oz orqali o‘tishni cheklash istagini va buning oqibatlarini yetarlicha baholamagani haqida xabar bergan edi. Mudofaa vaziri Pit Xegset bu xabarlarni rad etib, harbiylar bunday ehtimolni oldindan hisobga olganini ta’kidladi.

Yamandagi jangovar harakatlarning qayta boshlanishi

Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumati kuchlari va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar o‘rtasidagi jangovar harakatlarning qayta tiklanishi mintaqaviy inqirozga yana bir frontni qo‘shdi. Husiylarning raketa va dronlari Saudiya Arabistoni aeroportlari hamda neft infratuzilmasini nishonga olishi ortidan Yamandagi urush Saudiya hududigacha kengaydi.

Bu front yana bir muhim savdo yo‘lagi — Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘lovchi Bob ul-Mandab bo‘g‘ozini yanada ko‘proq diqqat markaziga olib chiqdi. Husiylarning u yerdagi Saudiya Arabistoniga aloqador kemalarga tahdidlari Ho‘rmuzdagi transport uzilishlarini yanada kuchaytirishi, Ko‘rfaz eksportlarini muqobil yo‘nalishlar orqali olib o‘tish harakatlarini yo‘qqa chiqarishi va AQSHga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.

Siyosiy vaziyat qanday o‘zgardi?

Ikki davlat rahbarlari turli xil cheklovlarga duch kelmoqda. Eron hukmdorlari tartibsizliklardan va o‘z hokimiyatini saqlab qolishdan xavotirda, biroq ular Trampning Respublikachilar partiyasi kabi saylovchilar oldida hisob berishga majbur emas. Tramp partiyasini esa ikki haftadan kamroq vaqt ichida oraliq saylovlar kutmoqda.

Eronda

Fevral oyidagi zarbalardan oldin, yanvarda yuqori inflatsiya va Eron valutasining keskin qadrsizlanishiga qarshi o‘tkazilgan umummilliy namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilgani sababli, Eron hukumati xalqning kuchli g‘azabiga duch kelgan edi. Shundan so‘ng AQSH va Isroilning hujumlari oqibatida 1989 yildan beri mamlakatni boshqarib kelgan Xomanaiy va xavfsizlik xizmati rahbari Ali Larijoniy halok bo‘ldi. Ammo bu «Islom Respublikasi»ni qulata olmadi.

Xomanaiyning o‘rnini uning o‘g‘li Mujtabo egalladi. Uning hokimiyat tepasiga kelishi va «IIMK»ning ta’siri hukumat ichidagi konservatorlar pozitsiyasini yanada mustahkamladi.

Koningem urush davrida namoyishlarning yo‘qligini hukumatni qo‘llab-quvvatlash deb tushunmaslik kerakligidan ogohlantirdi.

«Garchi mojaro xorijiy hujumlarga qarshilik ko‘rsatish atrofida birlashish effektini keltirib chiqargan bo‘lsa-da, bu Eronning kuchayganini anglatmaydi», — dedi u.

AQSHda

Ayni paytda Donald Tramp yangi zarbalar oldidan kuchli siyosiy bosimga duch kelmoqda. Urush boshlanishidan bir necha kun oldin e’lon qilingan «Reuters/Ipsos» so‘rovnomasida uning reytingi 40 foizni tashkil etgan bo‘lsa, dushanba kungi natijalarga ko‘ra bu ko‘rsatkich 31 foizga tushib ketdi. Benzinning qimmatlashishi va Eronga qarshi urushning amerikaliklar orasida keskin norozilikka sabab bo‘layotgani fonida qayd etilgan bu natijani mutaxassislar Trampning har ikki prezidentlik muddatidagi eng past ko‘rsatkich deb baholamoqda.

Iqtisodiy muvozanat qanday o‘zgardi?

Eronda

Sanksiyalar va xorijda muzlatilgan aktivlar girdobida qolgan Eron iqtisodiyoti urushga qadar ham og‘ir ahvolda edi. AQSH harbiy kuch, qo‘shimcha sanksiyalar va dengiz qamalini birgalikda qo‘llash orqali mamlakatni yanada qisib qo‘ygani sababli, mojaro bu bosimni ikki karra oshirdi.

Aprel oyida Eron hukumati AQSH va Isroil hujumlaridan ko‘rilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita zararni 270 milliard dollar deb baholadi. Avgust oyi oxirida esa Vashington Eron bilan hamkorlik qiluvchilarga jarimalar qo‘llash orqali mamlakatni xalqaro savdodan yakkalab qo‘yishga qaratilgan «Iqtisodiy quvg‘in» operatsiyasini boshladi va buning ortidan bosim yanada kuchaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21-martdan 20-iyungacha bo‘lgan davrda Eronning yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,1 foizga qisqargan. AQSH qamali tufayli energiya eksporti keskin kamaydi, riyolning qadri esa pasayib ketdi.

AQSHda

Qo‘shma Shtatlar ham ulkan xarajatlarga duch kelmoqda. Sentyabr oyida AQSH Kongressining Budjet boshqarmasi 1-avgust holatiga ko‘ra, mazkur mojaro Mudofaa vazirligiga 38 milliard dollarga tushganini hisoblab chiqdi. Boshqarma ma’lumotiga asosan, jangovar harakatlarning shiddatiga qarab, harbiy operatsiyalarni davom ettirish oyiga taxminan 2 milliarddan 3 milliard dollargacha tushishi kutilmoqda.

Urushning qo‘shimcha xarajatlari oqibatida avgust oyida AQSH hukumatining davlat qarzi rekord darajaga — 40 trillion dollardan oshib ketdi. Bu esa kutilgan muddatdan ikki yil oldin yuz berdi.

Harbiy muvozanat qanday o‘zgardi?

AQSH uchun

Qo‘shma Shtatlar Eron ichkarisiga chuqur zarba berish qobiliyatini namoyish etgan bo‘lsa-da, bu vayron qiluvchi kuch Eronning siyosiy tizimini qulata olmadi. Qolaversa, bu Tehronning qo‘shni davlatlardagi AQSH obyektlari va energetika infratuzilmasiga javob zarbalari berish imkoniyatini ham yo‘qqa chiqara olmadi.

Koningemning ta’kidlashicha, Vashington uchun eng qiyini «harbiy ustunlikni strategik natijalarga aylantirish» bo‘lmoqda. Shuningdek, u yaqinda amalga oshirilgan qo‘shinlarning qayta joylashtirilishini harbiy kuch namoyishi deb baholadi. Biroq bu holat AQSHning mintaqadagi harbiy ishtirokini kamaytirishga qaratilgan avvalgi harakatlaridan chekinishini ham anglatishini qo‘shimcha qildi.

Amerika OAVlarining xabar berishicha, arzon Eron dronlariga qarshi qimmat mudofaa raketalari sarflab yuborilgani sababli, hozirda Yaqin Sharqdagi AQSH arsenalida qurol-yarog‘ning keskin tanqisligi yuzaga kelgan.

«Fox News» telekanali xabariga ko‘ra, noyabr oyining oxirigacha Yaqin Sharqqa «Theodore Roosevelt» aviatashuvchi kemasi va 13-dengiz piyodalari ekspeditsiya korpusi yetib kelishi kutilmoqda. Bu qariyb 10 000 nafar harbiy xizmatchini mintaqaga olib keladi. Qo‘shinlarning bunday joylashtirilishi keyingi harakatlarni rejalashtirayotgan Trampning harbiy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Eron uchun

Koningemning so‘zlariga ko‘ra, Eron uchun mazkur mojaro mamlakat rahbariyati tomonidan AQSH va Isroil mustamlakachiligi hamda imperializmi sifatida tasvirlangan kuchlarga qarshi uzoq yillik qarshilik ko‘rsatish g‘oyasiga to‘la mos tushadi.

28-fevraldan buyon «Islom inqilobi muhofizlari korpusi» («IIMK») «asimmetrik urush» olib borish borasidagi mahoratini namoyish etib, AQSHning qimmatbaho harbiy qudratini ommaviy ishlab chiqarilgan arzon dronlar yordamida muvaffaqiyatli jilovlab kelmoqda.

Bundan tashqari, uning markazlashmagan tuzilmalardan foydalanishi aloqalarning uzilishi va yuqori martabali qaror qabul qiluvchilarning yo‘qotilishiga qaramay, o‘z jangovar faoliyatini davom ettirish imkonini berdi, deydi Koningem.

AQSH yo‘llagan zarbalar Eronning harbiy-dengiz flotiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu esa uning kichik kemalarga, xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi so‘nggi hujumlarda ishlatilgan tezyurar katerlarga qaramligini oshirdi. Bu borada geografiya Eronning foydasiga ishlaydi, chunki u o‘z qirg‘oqlari bo‘ylab joylashgan yerusti pozitsiyalaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarni bemalol o‘qqa tutishi mumkin. Shuningdek, u raketalar yordamida bo‘g‘ozga dengiz minalarini ham tashlay oladi.

Bular AQSH Eronga zarba berishni boshlaganida duch kelishni kutmagan, ammo bugungi kunda aniq yuzma-yuz kelayotgan yangi taktikalardir.

Jahon savdosi qanday o‘zgardi?

Fevral oyida global energetika inqirozi haqida deyarli hech qanday gap-so‘z yo‘q edi, ammo hozir bu xavf aniq ko‘zga tashlanmoqda.

Urush sababli Ko‘rfazdagi energetika ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar va vaziyatning yanada keskinlashishidan qo‘rquv neft narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Urush boshlanishidan bir kun oldin, ya’ni 27-fevral kuni global etalon hisoblangan «Brent» markali neftning bir barreli narxi 72,48 dollarni tashkil qilgan edi.

30-aprel kuni esa u so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga — 126,41 dollarga yetdi. Juma kungi ertalabki savdolarda bu ko‘rsatkich 114,47 dollarni tashkil qildi.

Biroq inqiroz faqatgina xom neft bilan cheklanib qolmayapti. Yaqin Sharqda yoqilg‘i ishlab chiqarishga yetkazilgan zarar va uzilishlar, shuningdek, Rossiya ta’minotiga qo‘yilgan sanksiyalar dizel bozorlarini tang ahvolga solib qo‘ydi. Suyultirilgan tabiiy gazning global ta’minoti ham bundan jiddiy jabr ko‘rdi. Oktyabr oyida «Xalqaro energetika agentligi» ta’minotdagi bu cheklovlar 2027 yilgacha ham davom etishi mumkinligidan ogohlantirdi.

AQSHda narxi ikki barobarga oshib ketgan dizel yoqilg‘isi Tramp uchun katta siyosiy muammo tug‘dirmoqda. Chunki uning asosiy saylovchilari bo‘lgan amerikalik fermerlar va tadbirkorlar ishlab chiqarish hamda transport yo‘nalishida aynan mana shu yoqilg‘iga qaramdir.

Muqobil portlar, quvurlar va kemadan-kemaga yuk ortish usullari Ko‘rfazdagi ishlab chiqaruvchilarga eksportni qisman tiklashga yordam berdi. Ammo bu yuqori logistika xarajatlari hamda doimiy hujumlar xavfi saqlanib qolishi evaziga sodir bo‘lmoqda.

Shu sababli Yaqin Sharqdagi o‘ta muhim suv yo‘llari orqali kemalar qatnovini qayta tiklash hozirda mazkur urushdagi eng asosiy maqsadlardan biriga aylangan.

Teglar

Mavzuga oid