Afrikaliklar «fitna» deyayotgan Ebola isitmasi: 200 kishi vafot etdi, ammo vaksina yoki dori yo‘q
Kasallikka qarshi kurash nafaqat tibbiy, balki xavfsizlik muammosiga ham aylangan. Xo‘sh, global epidemiya xavfidan xavotirlanish vaqti keldimi?

Afrikada Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) shiddat bilan tarqalmoqda.
«Mamlakatda Bundibujio Ebola virusi bilan kasallanishning 900 dan ortiq ehtimoliy holati aniqlandi, ulardan 220 tasi o‘lim bilan yakun topdi», - dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyesus.

Hozirga qadar tibbiyot xodimlari virus yuqishi ehtimoli bo‘lgan shaxslarning bor-yo‘g‘i 20 foizini (1745 nafar) kuzatuvga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Qo‘shni davlatlar chegaralarni yopib, qat’iy nazorat o‘rnatgan bo‘lsa-da, epidemiyani sekinlashtirishning imkoni bo‘lmayapti. KDR ichkarisidagi vaziyat esa tartibsizliklarga aylanib ketgan: infeksiya yuqtirganlikda gumon qilinib, saqlash markaziga joylashtirilgan kamida 18 kishi qochib ketgan va ularning qayerdaligi hanuz noma’lum. Qurolli isyonchi guruhlarning harakatlari, ichki ko‘chirilganlarning ko‘pligi, mahalliy hukumatning layoqatsizligi hamda xalqaro yordamning qisqargani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Hozircha kasallik tarqalishini nazoratga olishning iloji bo‘lmayapti — u juda kech aniqlangan
JSST 2026 yilning may oyi o‘rtalarida rasman xalqaro miqyosdagi favqulodda holat e’lon qildi. Biroq virus bundan bir necha hafta oldin tarqalishni boshlagan va e’tibordan chetda qolgan edi. Mutaxassislarning taxminicha, kasallik rasman qayd etilguniga qadar mintaqada bir necha oy davomida yashirincha aylanib yurgan bo‘lishi mumkin. «The New York Times» nashrining yozishicha, ebolavirus infeksiyasi tarqalgani e’lon qilinganidan bor-yo‘g‘i o‘n kun o‘tib, bu hodisa kuzatuvlar tarixidagi eng yirik uchinchi holatga aylanib ulgurdi.

Bu safar vaziyatni nazorat qilishni virusning aynan shu turiga qarshi kurashish vositalarining yo‘qligi ham qiyinlashtirmoqda. Hozircha tasdiqlangan dori-darmon va vaksinalar ishlab chiqilmaganligi sababli, tibbiyot xodimlari cheklangan choralar bilan kifoyalanishga majbur. Ular bemorlarni izolyatsiya qilish, kasallar bilan muloqotda bo‘lganlarni kuzatish va umumiy terapiyani qo‘llashdan nariga o‘ta olishmayapti.
Shifokorlar va dori-darmonlar keskin yetishmayapti. Bunga mintaqadagi ichki vaziyat va Tramp siyosati ta’sir ko‘rsatmoqda
Gumanitar tashkilotlar mintaqa eng og‘ir damlarda zarur resurslarsiz qolib ketganini ochiq ta’kidlamoqda. Xususan, qurolli guruhlar bilan to‘qnashish xavfi tibbiyot xodimlarining faoliyatiga jiddiy to‘sqinlik qilyapti.
«Ituri provinsiyasida davom etayotgan nizo kuzatuv guruhlarining harakatlanishini, tezkor reaksiya guruhlarini joylashtirishni va laboratoriya namunalarini tashishni cheklab qo‘ymoqda», - deyiladi JSST hisobotida.

Vaziyatning yana bir chigal tomoni AQSHning gumanitar tashabbuslar borasidagi siyosatiga borib taqaladi. Donald Tramp ma’muriyati JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatdi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) tarqatib yubordi. Bundan tashqari, Kongo Demokratik Respublikasiga bevosita ko‘rsatiladigan tibbiy yordam hajmi ham muttasil qisqartirilmoqda.
Epidemiya o‘chog‘ini jilovlashga urinayotgan tibbiyot muassasalariga mahalliy aholi tomonidan shu paytgacha uch marta o‘t qo‘yildi
Odamlarning kasallikka qarshi kurash choralariga nisbatan keskin qarshiligi joylardagi yordam markazlari ishini butunlay izdan chiqarmoqda. «Associated Press» agentligining xabar berishicha, birgina o‘tgan haftaning o‘zida shifoxonalarga uchta hujum qayd etilgan.

Voqealar xronologiyasiga ko‘ra, birinchi hujum 21-may kuni Rvampara shahrida yuz berdi: infeksiyadan vafot etgan bemorning jasadini oilasiga berish rad etilgach, g‘azablangan mahalliy aholi shifoxonaga o‘t qo‘ygan. Oradan ikki kun o‘tib, 23-may kuni Mongbvalu shahrida kasallanganlar izolyatsiya qilingan tibbiy chodirlar yoqib yuborildi. Oqibatda infeksiya yuqtirganlikda gumon qilingan 18 kishi qochib ketgan va ularning qayerdaligi hanuzgacha noma’lum. 24-may kuni esa xuddi shu shahardagi shifoxonaga yana bir qurolli hujum uyushtirilib, bosqinchilar bu safar ham vafot etganlarning jasadlarini topshirishni talab qilishgan.
Tibbiyot markazlariga uyushtirilayotgan hujumlarga yolg‘on ma’lumotlar va dafn marosimlarini taqiqlash sabab bo‘lmoqda
Kongo Demokratik Respublikasi aholisining aksariyati virusning tabiiy yo‘l bilan paydo bo‘lganiga ishonmaydi. Ular Ebola infeksiyasini notijorat tashkilotlar va shifoxonalarning pul ishlash maqsadida o‘ylab topgan fitnasi, deb hisoblaydi. Bunday asossiz mish-mishlar ortidan bemorlar professional tibbiy yordamdan bosh tortib, mahalliy tabiblarda davolanishga harakat qilmoqda.

Vaziyatning bu qadar keskinlashuviga mintaqada keng ommalashgan an’anaviy dafn marosimlari ham jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Odatda bir necha kunlab davom etadigan va ko‘p odam to‘planadigan bunday marosimlarda marhumning jasadini qo‘l bilan yuvish talab etiladi. Vaholanki, virus tarqalishining oldini olish uchun vafot etganlarni dafn etishda qat’iy sanitariya qoidalariga amal qilish o‘ta muhimdir. Shu sababli, kasallik o‘chog‘ini jilovlash maqsadida hukumat 50 kishidan ortiq odam qatnashadigan dafn marosimlari va boshqa yig‘inlarni o‘tkazishni allaqachon taqiqlab qo‘ygan.
Bu voqealar mintaqa uchun yangilik emas
Ebola infeksiyasining avvalgi tarqalish davrlarida ham tibbiyot xodimlari va davolash markazlariga hujumlar muntazam ravishda sodir bo‘lib turgan. Xususan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2019 yilning birinchi yarmida bunday holat 198-marta qayd etilgan.
Kasallikning bu qadar shiddat bilan tarqalishi ham birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Xuddi shu hududda 2018–2020 yillarda tarixdagi eng yirik epidemiyalardan biri — Zair ebolavirusi tarqalganida ham, infeksiya KDR va Uganda chegaralaridan tashqariga chiqib ketmagan edi. Shuning uchun, garchi hozirda JSST, BMT va boshqa xalqaro gumanitar tashkilotlar vaziyatning qaltisligidan bong urayotgan bo‘lsa-da, ularning rasmiy pozitsiyasi o‘zgarishsiz: kasallikning global miqyosda, ya’ni dunyo bo‘ylab tarqalish xavfi hamon «past» darajada baholanmoqda.





