Aholiga beriladigan bepul dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi

Bugun 09:251 daqiqa

O‘zbekistonda onkologik, ruhiy, yurak-qon tomir, endokrin va boshqa kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan 69 ta dori vositasi bepul beriladi.

Aholiga beriladigan bepul dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi © ssv

O‘zbekistonda aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, reimbursatsiya dasturi doirasida qamrab olinadigan kasalliklar va dori vositalari aniq belgilab berildi.

Hujjatga muvofiq, yangi tartib 2027 yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, surunkali kasalliklarni davolash uchun zarur bo‘lgan 69 turdagi dori vositalari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Qanday dorilar kiritilgan?

Ro‘yxat Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan kelishilgan bo‘lib, unda onkologik, ruhiy, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan preparatlar kiritilgan. Jumladan, Aspirin, Bisoprolol, Omeprazol, Tramadol, Ambroksol, Kaliy yodid va Geparin kabi dori vositalari mavjud.

Reimbursatsiya tizimi dori vositalari uchun qilingan xarajatlarni davlat tomonidan qoplashni anglatadi. Bu mexanizm, ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar uchun uzluksiz davolanish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan.

Bepul dorilarni qayerdan olish mumkin?

Tartibga ko‘ra, bemorlar oilaviy shifokor tomonidan berilgan elektron retsept asosida Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalardan dori vositalarini bepul oladi. Bu esa aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Dastur doirasida dori vositalarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 2-oktabrdagi 619-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid