add

Aholini ro‘yxatga olish jarayoniga xodimlarni majburiy jalb qilgan hokimliklar ogohlantirildi

31.01.2026 | 22:232 daqiqa

Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni roziligisiz ishdan tashqari aholini ro‘yxatga olishga jalb etish ham majburiy mehnat deb baholanishini eslatdi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayoniga xodimlarni majburiy jalb qilgan hokimliklar ogohlantirildi

Ayrim mahalliy hokimlar tomonidan xodimlarni aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlariga ish vaqtidan tashqari paytda majburan jalb etish holatlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatlar ortidan Davlat mehnat inspeksiyasi rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi.

Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, xodimni uning roziligisiz, bosim, topshiriq yoki «majburiy topshiriq» niqobi ostida ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish majburiy mehnat sifatida baholanadi. Bunday amaliyot amaldagi mehnat qonunchiligiga zid hisoblanadi va qonunbuzarlik deb topiladi.

Qonun talablariga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ish faqat xodimning ixtiyoriy roziligi asosida amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, bunday mehnat uchun haq to‘lash majburiy bo‘lib, u Mehnat kodeksining 262-moddasida keltirib o‘tilgan

Xususan, bir kundagi ish vaqtidan tashqari dastlabki ikki soat uchun kamida bir yarim baravar, ikki soatdan ortiq vaqt uchun kamida ikki baravar haq to‘lanishi lozim. Noqulay mehnat sharoitida bajarilgan har bir soat ish uchun esa kamida ikki baravar haq belgilanadi.

Mehnat inspeksiyasi aholini ro‘yxatga olish kabi davlat ahamiyatiga ega tadbirlar ham mehnat qonunchiligi talablarini chetlab o‘tishga asos bo‘la olmasligini ta’kidladi. Xodimlarning mehnat huquqlari daxlsiz bo‘lib, barcha uchun qonun talablari barobar qo‘llanilishi shart.

Ogohlantirilgan hokimliklar

Shu kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan Buxoro shahri, Oltinko‘l, Asaka va Marhamat tumanlari hokimliklariga rasman ogohlantirishlar yuborilgan. Shuningdek, Andijon viloyati hokimligiga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taqdimnoma kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid