
Aksa Enerji Talimarjonda 430 MW quvvatga ega gaz stansiyasini to‘liq ishga tushirdi
09.07.2025 | 08:0011583
Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi O‘zbekistondagi to‘rtinchi investitsiya loyihasi — 430 MW quvvatga ega gaz turbinali elektrostansiyasini Talimarjonda to‘liq ishga tushirdi. Bu mamlakatning elektr energiyasi ta’minotidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Aksa Enerji kompaniyasi O‘zbekistonning Talimarjon hududida qurgan va 430 MW quvvatga ega bo‘lgan gaz turbinali elektrostansiyani to‘liq ishga tushirdi. Bu kompaniyaning mamlakatdagi Toshkent A va B hamda Buxorodagi stansiyalardan keyingi to‘rtinchi investitsiyasi hisoblanadi, deb yozmoqda Bloomberg Haber Turk.
Yangi stansiya O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda sezilarli ulushga ega bo‘lib, Aksa Enerji’ning mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarish quvvatini 1220 MWga yetkazdi. Kompaniyaning jahon bo‘yicha umumiy quvvati esa 3124 MWni tashkil etmoqda.
Aksa Enerji Boshqaruv kengashi raisi va bosh direktori Jamil Qazanchiga ko‘ra, ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati va Milliy elektr kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi va Turkiya-O‘zbekiston iqtisodiy munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qazanchi sanoatning barqaror rivojlanishi, mahalliy ish o‘rinlari yaratilishi va ta’minot zanjiri mustahkamlanishi nuqtai nazaridan stansiyaning ahamiyatini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, u kompaniya kelgusida boshqa mintaqalarda ham yangi loyihalar orqali global energiya bozoriga hissa qo‘shishda davom etishini ma’lum qildi.
Aksa Enerji aksiyalari ommaga ochiq bo‘lib, kompaniya mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchisi sifatida 7 davlatda faoliyat yuritmoqda. Talimarjondagi yangi stansiya esa nafaqat texnik quvvati, balki ijtimoiy ta’siri bilan ham mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi.





