add

Aksariyat oilalar to‘y sababli 3-4 yil o‘zini tiklolmaydi — so‘rovnoma xulosalari

09.09.2025 | 19:40284612

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti to‘ylardagi ortiqcha dabdababozlik haqida 9 ta hududda so‘rovnoma o‘tkazdi. Ota-onalarning 64 foizi nikoh to‘y marosimlarini oilaviy sharoitlarni inobatga olgan holda o‘tkazish kerak degan fikrni ilgari surishgan.

Aksariyat oilalar to‘y sababli 3-4 yil o‘zini tiklolmaydi — so‘rovnoma xulosalari
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan «Yangi O‘zbekistonda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishning oilalar iqtisodiyotiga huquqiy va ma’naviy ta’sirini tahlil qilish» mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovlar 9 ta hududda 4 ta yo‘nalishda ya’ni, ota-onalar, nikohlanuvchi yoshlar, yosh oilalar va mahalla faollari o‘rtasida o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan ota-onalarning 64 foizi «nikoh to‘y marosimlarini oilaviy sharoitlarni inobatga olgan holda o‘tkazish kerak», degan fikrni bildirishgan. 12 foiz ota-onalar «farzandlarining orzu-havasiga e’tibor qaratish»gan bo‘lsa, 9 foiz respondentlar o‘z orzularini, shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa chiqarishgan.   Nikoh to‘ylarini qayerda o‘tkazish maqsadga muvofiq? Ana shu savolga 50 foiz ota-onalar «hashamatli restoranlarda», 28 foiz respondent «ixchamlashtirilgan tartibda 100-150 kishilik to‘yxonalarda», 14 foizi «maxsus tadbirlar zalida», 12 foizi esa «o‘z hovlisida» o‘tkazishni ma’qullagan. Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan ota-onalarning 43 foizi «ixcham va tejamkorlik tamoyili asosida to‘y va marosimlarni o‘tkazish kerak»ligini ta’kidlashgan. Mahalla faollari o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovnomada 35 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan mahalla yettiligi xodimlari ishtirok etdi. Tadqiqotda ishtirok etgan mahalla faollarining 80 foizi to‘y va boshqa marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha xabardorligi yuqori bo‘lib, qolgan 19 foizining xabardorligi yetarli emas. Mahalla faollarining 33 foizi to‘yni dabdababozlikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish tarafdori bo‘lgan bo‘lsalar, 22 foizi to‘yni sodda va oilaviy atmosferada o‘tkazilishini, 18 foizi oilaviy imkoniyatlardan kelib chiqib o‘tkazishni ma’qul ko‘rdilar, lekin 13 foizi mahalla faollari tadbir natijasida odamlar orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishni, 12 foiz faollar esa to‘y tadbiri juda muhim, uni har tomonlama maroqli va yodda qolarli o‘tkazish maqsadga muvofiq, degan fikrni bildirganlar.   Dabdabali to‘y, tantanalar va ta’ziya marosimlari jamiyatda nizoli oilalarning paydo bo‘lishida, oilalarning ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’siri qay darajada ? Ushbu savolga 40 foiz mahalla faollari salbiy ta’sir qilishini, 21 foizi esa to‘y va ta’ziya marosimlaridan keyin oila a’zolari o‘rtasidagi notinchlik kuchayayotganligini, 11 foizi esa to‘y va ta’ziya marosimlardagi g‘arb mamlakatlaridan kirib kelayotgan yangi noana’anaviy urf-odatlar, madaniy an’analar ijtimoiy himoyaga muxtoj, kam ta’minlangan oilalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini ma’lum qilgan. Tahlillar bugungi kunda aholining o‘rtacha yillik daromadi bilan to‘y xarajatlari o‘rtasida katta nomutanosiblik borligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, ko‘pchilik oilalar to‘y uchun kamida ikki barobar ortiq miqdorda mablag‘ jalb qiladi va natijada oila moliyaviy jihatdan 3-4 yil davomida tiklana olmaydi. Ayrim holatlarda to‘y xarajatlari oilaning 3 yillik daromadidan ham ortiq bo‘lib, qarzdorlikka olib kelmoqda. Yosh oilalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlardagi respondentlardan 43 foiz to‘ylarni sodda va kam xarajat qilib o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. 17 foiz to‘ylarda ortiqcha xarajat qilish holatlariga e’tibor qaratgan. 15 foiz eng an’anaviy va mumtoz marosimlarni, 14 foiz kreativ va o‘ziga xos shakllarni ma’qul ko‘rgan, 11 foiz esa tarixiy va zamonaviy me’yorlarga moslashtirishni muhim, deb hisoblagan. Bu holat jamiyatda marosimlarni tashkil qilishga oid qarashlar turlichaligini, ammo ko‘pchilik ularning sodda va tejamkor bo‘lishi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi.   Nikohlanuvchi yoshlar nima deydi? Nikohlanuvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari to‘yda dabdabadan ko‘ra soddalik va samimiylik ustun ekanligini ko‘rsatdi. Respondentlarning 31 foizi to‘yni oilaviy muhitda o‘tkazishni afzal ko‘rsa, 18 foizi moliyaviy imkoniyatlarga moslashishni muhim, deb hisobladi. 15 foiz ishtirokchi ma’naviy jihatlarga e’tibor qaratdi, 17 foiz yoshlar yodda qolarlilikni ustuvor ko‘rdi. 19 foizi esa obro‘ va tashqi ta’sirlarni inobatga oldi. Demak, yoshlar ortiqcha xarajatdan ko‘ra ma’naviy jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 34 foiz to‘yni ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazishni eng muhim deb baholagan. Bu holat yoshlar orasida tejamkorlik va moliyaviy mas’uliyat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 19 foiz ishtirokchi to‘y byudjetiga yoshlar va oila a’zolarining xohish-istaklarini moslashtirishni muhim deb bilsa, yana 18 foiz xarajatlarni rejalashtirish va hisob-kitobni muvaffaqiyatli to‘yning asosiy sharti sifatida ko‘rgan. Boshqa 19 foiz esa to‘y xarajatlari oila daromadiga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Yoshlar to‘ylarni ixcham va iqtisodiy jihatdan tejamkor o‘tkazishni afzal ko‘rishsa-da, bu istakni amalga oshirishda iqtisodiy qiyinchiliklar va ijtimoiy bosimlar to‘sqinlik qilmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning asosiy qismi — 59 foizi to‘y uchun 10–30 million so‘m oralig‘ida byudjet rejalashtirgan. Bu ko‘pchilik uchun eng maqbul va amaliyotda keng tarqalgan mablag‘ sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, 25 foiz ishtirokchi 30–50 million so‘m sarflashni ko‘zda tutgani ularning marosimga jiddiy tayyorgarlik va muayyan moliyaviy imkoniyatga egaligini ko‘rsatadi. Bu boradagi muammolarni hal etish uchun davlat, jamoat va diniy tashkilotlar hamkorligida ma’naviy targ‘ibot, maslahat xizmatlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda kamxarj va milliy to‘ylarni targ‘ib qilish zaruriyati borligini yuzaga chiqarmoqda. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid