
Aksilkorrupsiya agentligi Ozodbek Nazarbekovni javobgarlikka tortish bo‘yicha so‘rovnoma yubordi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi madaniyat vaziri O.Nazarbekovning to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olayotganligi holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotganligi yuzasidan ma’lumotnoma berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olganligi hamda madaniyat vazirligi ushbu holatni «asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat» va «orzu-havas» deya izoh berganligi holati jamoatchilik tomonidan keskin muhokama qilinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi madaniyat vaziri O.Nazarbekovning to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olayotganligi holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotganligi yuzasidan Vaqt.uzʻga ma’lumotnoma taqdim etdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonuni 13-moddasida hamda Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarining 13-bandida davlat fuqarolik xizmatchisi pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emasligi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy қоидаларининг 3-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilishi lozimligi hamda 7-bandiga ko‘ra, o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi lozimligi qayd etilgan.
Shu bilan birgalikda, mazkur qoidalarning 29-bandida davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lishi belgilangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O.Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortish va uni kelgusida qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi lozimligi haqida qat’iy ogohlantirish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha so‘rovnoma yuborildi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-270-son Farmoni bilan Agentlikka odob-axloq komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilgan bo‘lib, hozirda ushbu vakolatni amalga oshirishning aniq va samarali mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Kelgusida davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid harakatlari Agentlik tomonidan muntazam monitoring qilib boriladi, deb ma’lumot berdi Vaqt.uzʼga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.





