
Amerikadan xaridori chiqqan Shomurodov, go‘sht narxi bo‘yicha hokimlarga ogohlantirish — 17 iyun dayjesti
17.06.2025 | 21:4047196
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.
Amerikaliklar Eldor Shomurodov eshigini yana taqillatmoqda
Il Messaggero nashrining xabar berishicha, «Atlanta Yunayted» o‘zbekistonlik hujumchining eshigini yana bir bor taqillatmoqda.
Roma Press ma’lumotiga ko‘ra, Amerika klubi unga bir yil avval ham qiziqish bildirgan, ammo muzokaralar so‘nggi bosqichda to‘xtab qolgan. Biroq bu safar Shomurodovning MLS’ga yo‘l olishi ehtimoli yuqori, chunki «Roma» o‘zbek futbolchisini kelgusi mavsumda asosiy tarkibga kiritishni rejalashtirmayapti.
Farg‘onadagi chegara bojxona postlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tdi
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 18 iyundan boshlab Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli bir nechta chegara punktlari yangi ish tartibiga o‘tdi.
Ular orasida «Farg‘ona» chegara bojxona posti, Shohimardon qishlog‘ida joylashgan «Oq qiya» bojxona punkti va So‘x tumanidagi «Chashma» chegara punkti bor. Endilikda ushbu bojxona postlari 24 soat uzluksiz faoliyat yuritadi. Bu qaror mintaqaviy aloqalarni faollashtirish, chegara orqali harakatni yengillashtirish hamda aholi va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan.
Endi o‘z nomingizga kredit olinishini taqiqlash mumkin
Jismoniy shaxslar endi o‘z xohishiga ko‘ra, o‘zlari ishtirok etmasdan yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishini taqiqlash imkoniyatiga ega.
Ushbu bepul xizmat 2025 yil 6 iyundan «Kredit-axborot tahliliy markazi» kredit byurosi tomonidan joriy qilindi.
Xizmatdan foydalanish uchun kredit byurosining rasmiy veb-sayti orqali:
- Ariza topshirish;
- Reyestrga kiritish yoki chiqarish amallarini bajarish mumkin.
Go‘sht qimmatlashsa — hokim ishdan ketadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini barqaror saqlash va sud qarorlarini ijro etish masalalari yuzasidan mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berdi.
«Hokimlarni ham ogohlantiraman, ushbu yangi mexanizm asosida go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shart. Buni eplay olmaganlari ishdan ketadi», - dedi Prezident.
Maktab o‘quvchilariga «repetitor» uchun davlat tomonidan subsidiya joriy etildi
Endi kambag‘al oilalar reyestrida turgan oilalar farzandlari qo‘shimcha ta’limga jalb etiladi. Bunda ta’lim xarajatlarining 80 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi, qolgan 20 foizini esa ota-onalar to‘laydi.
O‘quvchilar to‘garaklarga ixtiyoriylik asosida qatnashadi. Ularning ota-onalari bilan ta’lim tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar YAIDXP (my.gov.uz) orqali rasmiylashtiriladi.
Har bir to‘garak uchun 1 nafar o‘quvchiga 1 oylik to‘lov belgilangan limitdan oshmasligi lozim: 7−11 yoshdagi o‘quvchilar uchun darsdan keyingi guruhlarda — BHMning 1 baravari, 12−18 yoshdagilar uchun umumta’lim va chet tillari bo‘yicha — BHMning 2 baravari, axborot texnologiyalari va kasb-hunar yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun esa — BHMning 4 baravarigacha.





