add

Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan kumush va oltin yubiley tangalari chiqariladi

Kecha 10:152 daqiqa

Mirziyoyev Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qarorga muvofiq, har yili aprel oyi «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilinadi.

Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan kumush va oltin yubiley tangalari chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatda keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi, shuningdek, yubiley sanasiga bag‘ishlangan kumush va oltin tangalar muomalaga chiqariladi.

Qarorda Amir Temurning milliy davlatchilik, jahon tarixi va sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni alohida ta’kidlanib, uning boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

«Amir Temur oyligi» joriy etiladi

Prezident qaroriga binoan, har yili aprel oyi «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilinadi. Ushbu oylik doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda turli tadbirlar tashkil etiladi.

Tadbirlarda temurshunos olimlar, tarixchilar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirok etib, Amir Temur va temuriylar davrining ilmiy, ma’naviy hamda madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Bu orqali yosh avlodda tarixiy xotira, milliy g‘urur va davlatchilik an’analariga hurmatni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

2030 yilgacha mo‘ljallangan ilmiy yo‘l xaritasi

Qaror bilan temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, joriy yil 9–10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Shuningdek, Amir Temur va temuriylar tarixiga oid ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblar tayyorlanadi. “Temur tuzuklari” asari ilmiy izohlar bilan bir qator xorijiy tillarda nashr etilishi, shu davrga oid nodir qo‘lyozmalar va durdonalarga bag‘ishlangan kitob-albomlar yaratilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro targ‘ibot va kino loyihalar

Yo‘l xaritasida temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish masalasi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik aloqalariga bag‘ishlangan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlar Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda namoyish etiladi.

2026 yil 1-martdan boshlab «Buyuk temuriylar» atamasini xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy etish maqsadida xorijiy davlatlarda taqdimotlar va media tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.

Yubiley tangalari chiqariladi

Qarorga muvofiq, Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan pochta markalari, konvertlar, taqvimlar, ko‘rgazmali axborot vositalari, shuningdek, esdalik kumush va oltin yubiley tangalari muomalaga chiqariladi.

Teglar

Mavzuga oid