Andijonda «Haj» ziyoratiga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Bugun 17:252 daqiqa

Andijon viloyatida fuqarolarni «Haj» ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 9 ming dollar pul olgan shaxs tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Andijonda «Haj» ziyoratiga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi © alhidoya.uz

Prokrotura departamenti ma’lum qilishicha, fuqaro M.Ch. ikki nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga «Haj» ziyorati uchun yuborish evaziga u jami 18 ming AQSH dollari talab qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Asaka tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Ch. kelishilgan mablag‘ning 9 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

photo_2026-04-23_18-04-55

Manba: Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namangan shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs Chust tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar fuqaroni «Haj-2026» mavsumida Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga jami 26 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan mablag‘ning 6 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan edi.

Noqonuniy haj uchun javobgarlik

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Ichki ishlar vazirligi ruxsatnomasiz Haj qilishga qarshi qat’iy jazo choralarini e’lon qilgan edi.

Xususan, bunday qoidabuzarlik uchun taxminan 5300 dollar miqdorida jarima qo‘llaniladi. Noqonuniy ziyoratchilarga yordam bergan shaxslarga esa 26 ming dollargacha jarima solinadi. Bu jazolar 18-apreldan 31-maygacha amal qiladi.

Bundan tashqari, noqonuniy ziyoratchilarni tashish, yashirish yoki ularga boshqa ko‘mak ko‘rsatish holatlari ham qattiq jazolanadi. Bunday hollarda transport vositalari musodara qilinishi mumkin.

Ruxsatnomasiz Haj qilish uchun Makkaga yashirincha kirganlar o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinadi va Saudiya Arabistoniga kirishlari 10 yil muddatga taqiqlanadi.Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan yilda 75 mingdan ortiq qoidabuzar ushlangan.

Teglar

Mavzuga oid