Andijonda ko‘p qavatli uyda gaz portladi: ikki kishi jarohatlandi
Andijon shahridagi ko‘p qavatli uyda tun yarmida gaz-havo aralashmasi chaqnadi. Ikki fuqaro jarohat oldi, aholi evakuatsiya qilindi. Hodisa yuzasidan tekshiruv boshlandi.

Andijon shahri Nodirabegim mahallasida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binolaridan birida 11-fevral kuni soat 23:55 da gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda xabar 112 tizimi orqali viloyat FVBga kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, viloyat FVB rahbariyati va qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan va qo‘shni xonalarga zarar yetmagani ma’lum qilinmoqda. Biroq ko‘p qavatli uy hovlisida turgan ko‘plab avtomashinalarga ziyon yetgan.
Viloyat FVB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa natijasida ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi tomonidan e’lon qilingan videolavhada chaqnash uyning yuqori qavatida sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Hodisa joyiga viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov ham yetib kelgan.
Yuqori qavatda yashovchi aholi xavfsizlik maqsadida evakuatsiya qilingan. Tun davomida qutqaruv va maxsus xizmatlar tomonidan binodagi xavfli holatlar bartaraf etilgan.
Mutaxassislar dastlabki xulosaga ko‘ra, chaqnashga gaz-havo aralashmasining to‘planishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Aniq sabablar ekspertiza natijalariga ko‘ra ma’lum qilinadi.
Mas’ul idoralar fuqarolarni gaz jihozlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Hodisa oqibatlarini bartaraf etish va bino holatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.





