Anqaradagi prezidentlar uchrashuvi: O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi
Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston–Turkiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yangi qadamlarni belgilab oldi.
© Foto: president.uzAnqara shahrida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston rahbari Turkiyaning milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni va butun turk xalqini tabriklab, ularga tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot hamda farovonlik tilagan.
«Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.
Investitsiyalar hajmi va yangi loyihalar
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi hamda qo‘shma korxonalar va ikki davlatni bog‘lovchi aviaqatnovlar soni izchil o‘sib bormoqda. Bundan tashqari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani alohida e’tirof etilgan.
Prezidentlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni ham belgilab olgan. Xususan, tomonlar biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish, hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish muhimligiga alohida e’tibor qaratgan.
Shu bilan birga, yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashgan.





