Logo

Tarixdagi eng yirik kripto-o‘g‘rilik: «Binance» birjasidan 6,3 milliard dollar o‘g‘irlandi

Bugun 10:253 daqiqa

Dastlabki tekshiruvlar hujum ortida Shimoliy Koreyaning «TraderTraitor» xakerlar guruhi turganini va kompaniya muhandislaridan birining noutbuki buzib kirilganini ko‘rsatmoqda.

Tarixdagi eng yirik kripto-o‘g‘rilik: «Binance» birjasidan 6,3 milliard dollar o‘g‘irlandi © Sun'iy intelekt

29-oktabr kuni dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi «Binance» o‘z tizimida tarixdagi eng yirik kripto-o‘g‘rilik bo‘lishi kutilayotgan «xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa» oqibatida taxminan 6,3 milliard dollarlik mablag‘ o‘g‘irlanganini ma’lum qildi.

«Binance»ning 30-oktabrdagi rasmiy bayonotiga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlar hodisa kompaniyadagi «DevOps» muhandislaridan birining noutbuki buzib kirilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Hujumchi ushbu qurilma orqali xizmat ko‘rsatuvchi tizimdan biriga kirish va ruxsatsiz kriptoaktivlarni chiqarib olish operatsiyalarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lgan.

Kompaniya hozircha kriptohamyonlarning maxfiy kalitlari o‘g‘irlangani bo‘yicha hech qanday dalil topilmaganini bildirgan. Shu bilan birga, hodisaning texnik sabablari to‘liq aniqlangach, batafsil hisobot e’lon qilinishi aytilgan.

Blokcheyn tahlili bilan shug‘ullanuvchi «TRM Labs» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 29-oktabr kuni hujumchi «Binance»ning o‘nta blokcheyndagi hamyonlaridan taxminan 6,36 milliard dollarlik kriptoaktivlarni o‘g‘irlagan. Ushbu operatsiyalarning asosiy qismi bor-yo‘g‘i 20 daqiqa ichida amalga oshirilgan. «Chainalysis» tahlilchilari esa 30-oktabr soat 00:30 UTC holatiga kamida 5,912 milliard dollarlik kriptoaktiv o‘g‘irlanganini tasdiqlagan.

3 milliard dollarlik kriptoaktiv muzlatildi, hujum ortida kim turgani aytildi

Hodisadan keyin kripto-industriyadagi boshqa kompaniyalar ham mablag‘lar harakatini zudlik bilan to‘xtatishga kirishgan. Xususan, «Tether» va «Circle» steyblkoin emitentlari hujum bilan bevosita bog‘liq aktivlarni muzlatib qo‘ygan.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, «Tether» qariyb 1,57 milliard dollarlik USDT, «Circle» esa 800 million dollardan ortiq USDC mablag‘larini bloklagan. «Ripple» ham hodisaga aloqador mablag‘larni muzlatishga qaratilgan tezkor choralarni ko‘rgan.

«Binance» dastlab 29-oktabr kuni soat 23:35 UTC holatiga ko‘ra 2,54 milliard dollarlik aktiv muzlatilganini bildirgan edi. Kompaniyaning 30-oktabrdagi keyingi bayonotida esa hamkorlar bilan birgalikda blokcheyn tarmoqlarida jami taxminan 3 milliard dollarlik aktiv bloklangani ma’lum qilingan.

«TRM Labs» mazkur hujum ortida Shimoliy Koreyaning «TraderTraitor» deb nomlanuvchi xakerlar guruhi turganini yuqori ishonch bilan bildirgan. Tahlilchilar bunday xulosaga blokcheyndagi operatsiyalar hamda boshqa razvedka ma’lumotlarini chuqur o‘rganish orqali kelgan.

Agar mazkur hujum bo‘yicha keltirilgan 6,36 milliard dollarlik baholash tasdiqlansa, u kriptovalyuta tarixidagi eng yirik o‘g‘irlik holatiga aylanadi. Masalan, 2025 yilda «Bybit» kriptobirjasidan 1,5 milliard dollarlik kriptoaktiv o‘g‘irlangan edi. «TRM Labs» yangi hodisaning ko‘lami o‘sha hujumdan qariyb to‘rt baravar katta ekanini qayd etgan.

«Binance» operatsiyalarni to‘xtatdi, kriptobozorda narxlar tushdi

Xavfsizlik hodisasi sababli «Binance» depozit kiritish va mablag‘ yechish operatsiyalarini vaqtincha to‘liq to‘xtatgan. Kompaniya zararlangan hamyon manzillarining ruxsatlarini bekor qilgan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda blokcheyn tahlili bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlayotganini bildirgan.

Birja foydalanuvchilarning mablag‘lari xavfsiz ekanini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, barcha yo‘qotishlar foydalanuvchilar uchun maxsus tashkil etilgan «SAFU» jamg‘armasi va kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan yuz foiz qoplanishini ma’lum qilgan. Tizimdagi barcha muammolar bartaraf etilgach, zaxiralar holati bo‘yicha yangilangan hisobot ham e’lon qilinishi kutilmoqda.

Mazkur hodisa kriptovalyuta bozoridagi narxlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, 30-oktabr kuni Osiyo savdolari boshlanishi bilan bitkoin narxi olti haftalik eng past darajaga — 76 469 dollargacha tushib ketgan. «Ethereum» narxi ham 3 foizdan ko‘proqqa pasayib, 2 185 dollar atrofida savdo qilingan. «Binance» bilan bog‘liq «BNB» tokeni ham o‘z qiymatini sezilarli darajada yo‘qotgan.

«Reuters» bilan suhbatlashgan tahlilchilar ushbu hodisa markazlashtirilgan kriptobirjalarga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan. Xususan, birjada depozit va pul yechish operatsiyalarining to‘xtatilishi treyderlar hamda bozor ishtirokchilarining boshqa platformalar orqali mablag‘ harakatlantirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid