Logo

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor» futbol klubiga 5 mlrd so‘m ajratdi

Avvalroq poytaxtning sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev klub bilan hamkorlikni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor» futbol klubiga 5 mlrd so‘m ajratdi © behance.net

Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Paxtakor» futbol klubini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida rasmiy qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, poytaxt hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazining taklifi ma’qullangan.

Unga ko‘ra, futbol klubi tomonidan tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetasini moliyalashtirish Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Mablag‘ ajratish tartibi va ko‘rsatmalar

Hujjatda hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari D. Xudaybergenovga tegishli vazifa yuklatilgan.

«Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5 000 000 000 (besh milliard) so‘m miqdoridagi mablag‘ni «Paxtakor» futbol klubiga o‘tkazilishi bo‘yicha «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashiga taklif kiritsin», — deyiladi hokimlik qarorida.

Bosh homiy bilan hamkorlikning to‘xtatilishi va klubning e’tirozi

Avvalroq Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» futbol klubi bilan hamkorlikni rasman to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi. Buning ortidan jamoa jiddiy moliyaviy yo‘qotishga uchragan. Shuningdek, klub 2025-yilni 50 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Bunyodkor»ga 5 mlrd so‘mlik davlat yordami ajratilgandi. Sal o‘tib, stadionga elektr uzatish to‘xtatilib, ofisi mazkur arenada joylashgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tgandi. Shundan so‘ng, «Bunyodkor» stadionining elektrdan qarzi qariyb 2 mlrd so‘mga yetgani ma’lum bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid