Logo

AQSH kompaniyasi O‘zbekistonda GTL loyihasiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda

«BlackRock» kompaniyasi O‘zbekistonda gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish loyihasiga investitsiya kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda. Kompaniya, shuningdek, mamlakatdagi sun’iy intellekt texnologiyalari hamda neft-kimyo tarmog‘idagi loyihalarga ham qiziqish bildirmoqda.

AQSH kompaniyasi O‘zbekistonda GTL loyihasiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda © prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni «BlackRock» direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi. Uchrashuvda strategik sheriklikni, avvalo, yoqilg‘i-energetika sohasida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarida hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish, neft-kimyo tarmog‘idagi loyihalarni ilgari surish hamda sun’iy intellekt sohasiga qo‘shma investitsiyalar kiritish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Yangi investitsiya rejalari

Uchrashuvdan so‘ng Adebayo Ogunlesi «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida muzokaralar samarali o‘tganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish (GTL) loyihasi hamda O‘zbekistonda xalqaro moliyaviy markaz tashkil etish tashabbusini ham muhokama qilgan.

Shuningdek, «BlackRock» sun’iy intellekt infratuzilmasi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va ularni boshqaruvchi kompaniyalarga sarmoya kiritish rejalari ustida ishlamoqda. Barqaror aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish ham kompaniya qiziqish bildirayotgan istiqbolli yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.

Adebayo Ogunlesi O‘zbekistonni investitsiya kiritish uchun jozibador mamlakat deb atadi. Uning ta’kidlashicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan «Toshkent xalqaro investitsiya forumi»da AQSHning 200 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etgani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Uning fikricha, «BlackRock» O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri, mintaqaga chiqish darvozasi va Sharq hamda G‘arbni bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida baholaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni ham beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQSHning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

Uchrashuvda AQSH Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda «Air Products», «Cove Capital», «Templeton Global Investments», «Boeing», «77 Construction», «BlackRock», «FLS», «Visa», «JP Morgan», «Meta», «GULF» korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etgan.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH kompaniyasi O‘zbekistonda GTL loyihasiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda | Vaqt.uz