
AQSH Kongressi Trampdan Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishi bo‘yicha izoh talab qildi
03.07.2025 | 16:3012334
AQSH Kongressida Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainaga harbiy yordam to‘xtashi ortidan jiddiy xavotir bildirildi va prezidentdan shoshilinch tushuntirish so‘raldi.

Respublikachi kongressmen Brayan Fitspatrik prezident Donald Tramp va AQSH Mudofaa vazirligiga rasmiy murojaat yo‘llab, Ukrainaga harbiy yordam to‘xtashiga oid vaziyat yuzasidan favqulodda brifing o‘tkazishni talab qildi. Uning ta’kidlashicha, bu masalada Amerika jamoatchiligi va Kongressda aniqlik bo‘lishi lozim. Fitspatrik bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Kongressmenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi eng yirik havo hujumlari ortidan yordamning to‘xtashi jiddiy xavotir uyg‘otgan. «Ukraina o‘z hududinigina emas, balki erkinlikning oldingi chizig‘ini himoya qilmoqda. Erkinlikni himoya qilishda yarim choralar bo‘lishi mumkin emas», — dedi Fitspatrik.
Avvalroq Pentagon ayrim muhim qurol turlarini Ukrainaga yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgani ma’lum bo‘lgan edi. Politico yozishicha, ushbu qaror Mudofaa vazirligi siyosiy boshqarmasi rahbari Elbrij Kolbi tomonidan omborlardagi zaxiralar tekshiruvi natijalari asosida qabul qilingan. Tekshiruv artilleriya snaryadlari, zenit raketalari va aniqlik yuqori qurollar zaxiralari kamayganini ko‘rsatgan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Patriot tizimlari, 155 mm.li snaryadlar va GMLRS boshqariluvchi o‘q-dorilarni yetkazib berish to‘xtashi Yevropa ittifoqchilarini kutilmagan holatga solgan. NATO sammiti ortidan bu qaror qabul qilingani Yevropa diplomatlarini jiddiy tushuntirish so‘rashga undagan.
AQSH Davlat departamenti rasmiysi Temmi Bryus yordam to‘liq to‘xtaganini rad etdi. Uning aytishicha, bu muayyan vaziyat bilan bog‘liq bir epizod bo‘lib, AQSH Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashning boshqa yo‘llarini ham qo‘llamoqda. Donald Tramp esa Patriot raketalari yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarini saqlab qolishini tasdiqlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Vashington ishchi darajada yordam masalasida hamkorlikni davom ettirayotganini ta’kidladi.





