Turkiya prezidentining rafiqasi Samarqandda bolalarga sarmoya kiritish haqida gapirdi
Emine Erdog‘an maktabga borish hamisha sifatli ta’lim va zo‘ravonlikdan himoyani anglatmasligini aytdi.

Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan xalqaro sammit bo‘lib o‘tmoqda. Unda so‘zga chiqqan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning rafiqasi Emine Erdog‘an 100 dan ortiq davlat vakillarini urush hududlaridagi bolalar muammosini hal etishga chaqirdi.
«Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelgusi avlodlarning barqaror va adolatli rivojlanishiga eltuvchi yo‘l deb nomlangan Butunjahon sammiti O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Bu ovozni ayniqsa urush hududlarida yashayotgan, kelajakka doir hech qanday orzu qila olmaydigan bolalarning muammolarini hal etish uchun ko‘taraylik», — dedi Erdog‘an.
Nutqda u Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Xorazmiy merosiga murojaat qilib, Samarqand bu mavzuni muhokama qilish uchun ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
«Biz uchun bola — insoniyatning yuragidir», — dedi u.
Erdog‘an bolalar farovonligini o‘lchashning an’anaviy ko‘rsatkichlari (ovqatlanish, boshpana, xavfsizlik, ta’lim, tibbiy xizmat) bugungi kun uchun yetarli emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabga borish hamisha sifatli ta’lim va zo‘ravonlikdan himoya degani emas.
U iqlim inqirozi, urushlar va majburiy ko‘chishdan tashqari iqlim xavotiri, sun’iy intellekt, raqamli zo‘ravonlik va diqqatdan foydalanish kabi yangi xatarlarni ham «bola farovonligi» ta’rifiga kiritish zarurligini bildirdi.
Turkiya tajribasi
Erdog‘an mamlakatida amalga oshirilgan ishlarni sanab o‘tdi. 2025-yil «Oila yili» deb e’lon qilingan, 2026–2035-yillar «Oila va aholi o‘n yilligi» deb belgilangan. 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklangan, platformalarga yoshni tasdiqlash va ota-onalar nazoratini ta’minlash majburiyati yuklatilgan. UNICEF namunaviy loyiha deb tan olgan «Ko‘ngil elchilari» orqali 11 mingdan ortiq bola vasiy oilalarda yashamoqda.
G‘azo haqida
Erdog‘an G‘azoda uch yilda 21 mingdan ortiq bola halok bo‘lgani, 10 mingdan ziyodi doimiy nogiron bo‘lib qolganini aytdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 197 tez yordam avtomobili, 38 shifoxona va 96 tibbiy markaz ishdan chiqqan, 700 ming o‘quvchi ta’limdan mahrum bo‘lgan. Shuningdek, u bolalik saratonidan o‘limlarning 60 foizi qurolli mojarolar hududlariga to‘g‘ri kelishini keltirdi.
Sammitda yana kimlar so‘zga chiqdi?
Tadbir prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaati bilan ochildi. Unda Ziroat Mirziyoyeva, Shahnoza Mirziyoyeva, BMT Bosh Assambleyasi raisi va BMTning bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakili so‘zga chiqdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish murojaatini tashkilotning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori o‘qib eshittirdi. Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreisusning videomurojaati ham namoyish etildi.
Shahnoza Mirziyoyeva nima dedi?
«Bugun biz har bir mamlakat va har bir oila uchun muhim bo‘lgan mavzu — bolalarning farovonligi haqida gaplashish uchun yig‘ildik. Biz ko‘pincha “Bolalar — bizning kelajagimiz”, deb aytamiz. Bu juda chiroyli gap. Ammo o‘zim ona bo‘lganimdan keyin bu so‘zlarni boshqacha tushuna boshladim.
Chunki ota-ona uchun bola — bu faqat kelajak emas. Bola — bugungi kun. Ota-ona bugun farzandi haqida o‘ylaydi: u sog‘-salomatmi? Xavfsiz joydami? O‘zini yaxshi his qilyaptimi?
Menimcha, bolalarni himoya qilish haqidagi har qanday suhbat aynan shu savollardan boshlanishi kerak. Qonunlar yoki raqamlardan emas, balki oddiy, insonga xos bir savoldan: agar bolaning yonida uni himoya qila oladigan katta odam bo‘lmasa, u bilan nima yuz beradi? Biz har bir bola shuni bilishini istaymiz: yordamga muhtoj bo‘lganingda, mamlakating senga yordam beradi.
Dunyo o‘zgarib bormoqda. Dunyo o‘zgargani sari bolalar va oilalar duch kelayotgan xavf-xatarlar ham o‘zgarmoqda. Raqamli dunyo hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Dunyodagi beqarorlik va kuchayib borayotgan ziddiyatlar ham oilalarning xavfsizligi va farovonligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hech bir mamlakat bu muammolarni yolg‘iz hal qila olmaydi. Biz bir-birimizdan o‘rganishimiz kerak. Hukumatlar, biznes vakillari, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishimiz zarur.
Birgalikda yangi muhitni shakllantirishimiz mumkin. Bu — zo‘ravonlikka mutlaqo toqat qilinmaydigan va har bir bolaga hech qanday shartlarsiz hurmat ko‘rsatiladigan muhitdir.
Bugun bolalarning baxti, sog‘lig‘i va xavfsizligi bizning qo‘limizda. Ertaga esa mamlakatlarimiz va butun sayyoramizning kelajagi ularning qo‘lida bo‘ladi. Bugun hali kichik va nozik bo‘lgan bu qo‘llar kun sayin kuchayib boradi. Shuning uchun bolalar oldidagi mas’uliyatimiz aynan bugundan boshlanadi», — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.