Logo

Ziroat Mirziyoyeva JSSTning nufuzli xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

Bugun 11:152 daqiqa

O‘zbekiston birinchi xonimi bolalar onkologiyasiga qarshi kurash va har bir bolaning sog‘lom hayot kechirish huquqini himoya qilishdagi hissasi uchun e’tirof etildi.

Ziroat Mirziyoyeva JSSTning nufuzli xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi © uza

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga global sog‘liqni saqlash sohasidagi yetakchiligi uchun nufuzli xalqaro mukofotni topshirdi.

Mukofot Toshkentda o‘tkazilgan «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida» xalqaro sammiti hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress doirasida berildi.

Taqdirlashda Ziroat Mirziyoyevaning onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirishdagi yetakchiligi va bolalarning sog‘lom hayot kechirish huquqini xalqaro miqyosda ilgari surishga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.

«Muhtaram Birinchi xonim! Siz butun dunyoda bolalar, ayniqsa, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar manfaatlari yo‘lida chinakam kurashchi, har bir bolaning ta’lim olish va sog‘lom hayot kechirish huquqining himoyachisisiz», — dedi JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus.

Mukofot nimalar uchun beriladi?

Mazkur xalqaro mukofot 2019-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida aniq natijalarga erishgan yetakchilarning faoliyatini e’tirof etishga qaratilgan.

Avvalgi yillarda mukofot davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari, taniqli olimlar hamda jamoat arboblariga berilgan. Ular global emlashni rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.

Teglar

Mavzuga oid