Logo

Japarov 2030-yilgacha Qirg‘iziston iqtisodiyotini qanday o‘stirmoqchiligini aytdi

Bugun 17:067 daqiqa

Asosiy e’tibor ishlab chiqarish loyihalariga uzoq muddatli investitsiyalar kiritishga qaratiladi. Davlat banklari va rivojlanish fondlari biznesni moliyalashtirishning yangi usullaridan, jumladan, fond bozori vositalaridan faolroq foydalanishi kerak. Buning uchun bank faoliyatini tartibga solish, investitsiyalar va qimmatli qog‘ozlar bozoriga oid qonunchilikni yangilash rejalashtirilmoqda.

Japarov 2030-yilgacha Qirg‘iziston iqtisodiyotini qanday o‘stirmoqchiligini aytdi © Foto: TASS

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2030-yilning oxirigacha mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) yillik o‘rtacha real o‘sishini 8 foizga yetkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini har yili 20 foizga oshirish vazifasini qo‘ydi. Davlat rahbari bu maqsadlarni 21-oktabr kuni mamlakatning kelgusi besh yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan respublika yig‘ilishida belgiladi.

«2030-yil oxirigacha bir qator maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni rejalashtirganmiz», — dedi prezident.

U makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, YAIMning yillik o‘rtacha real o‘sishini 8 foizga yetkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini har yili 20 foizga oshirishni asosiy vazifalar qatorida sanadi.

Qirg‘iziston iqtisodiyoti eksportga yo‘naltiriladi

Japarov iqtisodiy o‘sishning asosi sifatida eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar va sanoatga tayanuvchi iqtisodiy modelni belgiladi. Bu model mamlakatda ishlab chiqarilgan qayta ishlangan mahsulotlar va xizmatlarni xorijga ko‘proq sotishga qaratilgan.

«Eksport salohiyatimizni to‘liq ishga solish uchun savdo va bojxona siyosati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi va zamonaviylashtiriladi», — dedi prezident.

Davlat eksport qilish imkoniyati yuqori bo‘lgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, kimyo va yengil sanoat, kichik mashinasozlik, shuningdek, foydali qazilmalar va neftni qayta ishlash kiritildi.

Prezident xomashyoni mamlakatning o‘zida chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratdi. Hukumat zamonaviy texnologiyalarni joriy etadigan, mehnat unumdorligini oshiradigan va mahsulot qiymatining ko‘proq qismini mamlakatning o‘zida qoldiradigan korxonalarni rag‘batlantirmoqchi.

«Biz xomashyoni shunchaki dastlabki qayta ishlash bilan cheklanmaymiz. Uni zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga qaratilgan sanoatlashtirish siyosatini olib boramiz», — dedi Japarov.

Prezident import texnologiyalarini joriy etadigan, ishlab chiqarishni yangilaydigan va mahsulotlarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqishni ham taklif qildi. Qishloq xo‘jaligida esa mahsulotlar eksportini, jumladan, qo‘shni mamlakatlarga oziq-ovqat yetkazib berishni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Investorlarga mulk himoyasi va byurokratiyani qisqartirish va’da qilindi

Japarov kelgusi besh yildagi asosiy vazifalardan biri sifatida investitsiya muhitini yaxshilash va xususiy mulkni himoya qilishni belgiladi. Uning ta’kidlashicha, sarmoya jalb qilish uchun faqat ijro hokimiyatining harakatlari yetarli emas. Investorlar o‘z huquqlarini sud orqali ham, suddan tashqari tartibda ham himoya qila olishi kerak.

«Investorlarga byurokratik to‘siqlar yaratib, ularni idorama-idora yugurtirish o‘rniga, agar u haqiqiy investor bo‘lsa, uning ortidan o‘zingiz yugurishingiz kerak», — dedi prezident.

Japarov ruxsatnoma olish, investitsiya kelishuvlarini tuzish va loyihalarni amalga oshirishdagi ortiqcha rasmiyatchiliklarni qisqartirishni topshirdi. U huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tadbirkorlarga nisbatan munosabatini ham o‘zgartirishni talab qildi. Prezidentning fikricha, davlat idoralari biznesning qonuniy faoliyatini himoya qilishi, unga asossiz to‘siqlar yaratmasligi kerak.

«Halol ishlayotgan tadbirkor davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni asossiz bosim manbai emas, balki uning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qiladigan kuch sifatida ko‘rishi kerak», — dedi Japarov.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun xususiy mulkni himoya qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona konsepsiya ishlab chiqiladi. Prezident, shuningdek, sud tizimini isloh qilish, sud jarayonlarining ochiqligini oshirish va investitsiyalar himoyasini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Davlat banklari kredit berishda faqat garovga qaramasligi kerak

Japarov iqtisodiyotning real sektoriga mablag‘ ajratish tamoyillarini o‘zgartirishni taklif qildi. Uning fikricha, davlat banklari va rivojlanish fondlari faoliyati qancha loyiha amalga oshirilgani, qancha investitsiya jalb qilingani va nechta ish o‘rni yaratilgani asosida baholanishi kerak.

«Men kredit ajratishda asosiy e’tiborni garov talablariga qaratishdan voz kechib, loyihaning istiqboli va kelajakda daromad keltirish imkoniyatini hisobga oladigan investitsiyaviy yondashuvga o‘tishni taklif qilyapman», — dedi prezident.

Asosiy e’tibor ishlab chiqarish loyihalariga uzoq muddatli investitsiyalar kiritishga qaratiladi. Davlat banklari va rivojlanish fondlari biznesni moliyalashtirishning yangi usullaridan, jumladan, fond bozori vositalaridan faolroq foydalanishi kerak. Buning uchun bank faoliyatini tartibga solish, investitsiyalar va qimmatli qog‘ozlar bozoriga oid qonunchilikni yangilash rejalashtirilmoqda.

Prezident davlat kompaniyalari oldiga ham vazifalar qo‘ydi. Ular boshqaruv sifatini yaxshilashi, faoliyatini ochiqroq olib borishi va investorlar uchun jozibadorligini oshirishi kerak. Uzoq muddatli mablag‘ jalb qilish usullaridan biri sifatida xalqaro moliya bozorlariga chiqish, jumladan, yevroobligatsiyalar chiqarish taklif qilindi. Shuningdek, maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni qurishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Turizm, IT va moliyaviy xizmatlar ustuvor yo‘nalishga aylanadi

Japarov iqtisodiy o‘sishning yana bir muhim manbai sifatida xizmatlar eksportini ko‘rsatdi. Davlat birinchi navbatda axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, xalqaro logistika, fintex, turizm, ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqchi.

Hukumat raqamli infratuzilmani rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash, xalqaro to‘lovlarni osonlashtirish va xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun qulay sharoit yaratishni rejalashtirmoqda.

Prezident strategiyasida «Tamchi» maxsus moliyaviy-investitsiya hududiga ham alohida o‘rin berilgan. Japarovning aytishicha, bu hudud kapital, moliyaviy texnologiyalar va investitsiya loyihalarini birlashtiradigan xalqaro moliya markaziga aylanishi kerak.

Turizm sohasida yil davomida dam olish imkoniyatlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Prezident ustuvor loyihalar sifatida «Ala-Too Rezort», «Baytik Rezort» va «Chatkal Rezort»ni tilga oldi.

Sun’iy intellekt davlat boshqaruvi va iqtisodiyotga joriy etiladi

Raqamlashtirish sohasida prezident sun’iy intellektdan davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, transport va jamoat xavfsizligida faolroq foydalanishni topshirdi.

«Kelgusi besh yilda texnologik jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishimiz va zamonaviy raqamli davlatni barpo etishimiz kerak», — dedi Japarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat idoralari faqat hisobotlarga tayanib ishlashdan voz kechib, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish, muammolarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishga o‘tishi lozim.

Shu bilan birga, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, davlat axborot tizimlari, muhim infratuzilma va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish choralari ko‘riladi. Prezident mahalliy IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda sun’iy intellekt, dasturlash, ma’lumotlar tahlili va axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligini ham ta’kidladi.

Manas Qirg‘izistonning ikkinchi iqtisodiy markaziga aylantiriladi


Hududlarni rivojlantirish rejasi doirasida Japarov Manas shahriga mamlakatning ikkinchi iqtisodiy markazi maqomini berish niyatini ma’lum qildi. Prezidentning rejasiga ko‘ra, shahar Qirg‘iziston janubidagi yirik transport-logistika uzeli va ishbilarmonlik markaziga aylanishi kerak.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish temir yo‘l loyihalari bilan bog‘liq. Prezident ustuvor yo‘nalishlar qatorida Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini, shuningdek, Baliqchi — Tamchi — Cho‘lpon-Ota va Baliqchi — Qochqor — Qora-Keche — Makmal yo‘nalishlarini sanadi.

Uning aytishicha, Makmal stansiyasi mamlakat ichidagi va xalqaro temir yo‘l yo‘nalishlarini bog‘laydigan muhim uzelga aylanishi kerak. Japarov, shuningdek, tabiiy sharoit, muhandislik imkoniyatlari va seysmik xavfsizlik talablari yo‘l qo‘ygan joylarda aholi punktlarini ixchamlashtirish va ko‘p qavatli binolar qurishni rivojlantirishni taklif qildi. Bu yondashuv qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan unumdor va sug‘oriladigan yerlarni saqlab qolishga yordam berishi kerak.

2030-yilgacha 30 ta madaniyat markazi va 30 ta musiqa maktabi quriladi

Ijtimoiy siyosatda Japarov oila va bolalarni davlat siyosatidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri deb atadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ularning ijtimoiy pasporti asosida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Qo‘llab-quvvatlash choralari qatoriga soliq imtiyozlari, uy-joy kommunal xizmatlari tariflarini hisobga olgan holda manzilli yordam, nafaqalar va bolalarning maktabgacha hamda qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish kiradi.

Madaniyat sohasida 2030-yil oxirigacha 30 ta ko‘p tarmoqli «Madaniy Ordo» markazi va 30 ta zamonaviy musiqa maktabi quriladi. Har yili kamida 50 ta madaniyat muassasasida kapital ta’mirlash ishlari o‘tkazilib, ular zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi kerak. Ta’lim tizimida muhandislik va texnika yo‘nalishlari, fundamental va amaliy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ustuvor ahamiyat beriladi. Maktablarda STEM ta’limi rivojlantiriladi, oliy ta’lim muassasalarida esa xorijiy universitetlar bilan qo‘shma diplom dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident, shuningdek, «Talabalar krediti» nomli uzoq muddatli moliyaviy yordam dasturini ishga tushirish rejasini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash sohasida kasalliklarni erta aniqlash, tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va raqamli texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi. Pensiya tizimini esa demografik o‘zgarishlar va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirishni hisobga olgan holda takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Hukumat iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi modelini ishlab chiqadi

Hukumat eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar va sanoatga asoslangan iqtisodiy rivojlanish modelini ishlab chiqishi, mahalliy tovarlar va xizmatlar eksportini oshirish uchun savdo va bojxona siyosatini yangilashi kerak. Shuningdek, ruxsatnomalar olish va investitsiya kelishuvlarini tuzish tartiblarini soddalashtirish, xususiy mulkni himoya qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona konsepsiya tayyorlash vazifalari belgilangan. Bundan tashqari, iqtisodiyotning real sektoridagi uzoq muddatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga o‘tish, ta’lim tizimini iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashtirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish rejalashtirilgan. Hududlarni rivojlantirish maqsadida esa budjetlararo munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid