Logo

Haftalik narxlar tahlili: bozorda narx-navo qanday?

O‘zbekistonda sabzavotlar va go‘sht narxi oshishda davom etayotgan bir paytda, mevalar narxi arzonladi. Sotilayotgan go‘shtning eng qimmati Toshkentda, tuman va shaharlar kesimida esa Bektemir tumaniga to‘g‘ri kelmoqda.

Haftalik narxlar tahlili: bozorda narx-navo qanday?

14-oktabr holatiga bozorlarda ayrim sabzavotlar, xususan, bodring va baqlajon narxi 1,7 foizga oshdi. Mevalar orasida esa aksincha, narxlar pasaygan. Xususan, limon 4,5 foiz, uzum 1,8 foiz va olma 1 foizga arzonladi.

Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini an’anaviy tarzda o‘rganib boradi.

Asosiy mahsulotlar

Kundalik xarid qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxida sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi. Kungaboqar yog‘ining litri 21 ming 482 so‘m, paxta yog‘iniki esa 20 ming 286 so‘mni tashkil etdi. Har ikki mahsulot narxi hafta davomida deyarli o‘zgarmadi.

Un narxida ham barqarorlik saqlanib qoldi. Birinchi navli unning kilogrammi 6 ming 250 so‘m, oliy navli un esa 9 ming 363 so‘mdan sotilmoqda. Birinchi navli undan tayyorlangan non narxi ham 6 ming 294 so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qoldi.

Boshqa mahsulotlar orasida tuxum narxi 0,4 foizga oshdi. Uning 10 donasi 12 ming 395 so‘mni tashkil etdi.

Guruch va shakar esa biroz arzonlashdi. Guruchning kilogrammi 14 ming 986 so‘mga tushib, narxi 0,1 foizga pasaydi. Shakar narxi esa 0,7 foizga arzonlab, kilogrammi 12 ming 502 so‘mni tashkil etdi.

1

Sabzavotlar

Bu hafta sabzavotlar narxi ham oshdi. Xususan, bodring va baqlajon eng ko‘p qimmatlab, har ikki mahsulot narxi 1,7 foizga ko‘tarildi. Natijada bodringning kilogrammi 8 ming 224 so‘mga, baqlajonniki esa 5 ming 848 so‘mga yetdi.

Kartoshka va piyoz narxi ham oshdi. Kartoshkaning kilogrammi 1,3 foizga qimmatlab, 4 ming 790 so‘mni, piyoz esa 0,3 foizga oshib, 2 ming 726 so‘mni tashkil etdi.

Pomidor va karam narxi ham ko‘tarildi. Pomidorning kilogrammi 8 ming 491 so‘mni, karamniki esa 4 ming 133 so‘mni tashkil etdi. Bulg‘or qalampiri narxi ham 1,2 foizga ko‘tarilib, 8 ming 615 so‘mga yetdi.

Sabzavotlar orasida sabzi narxi pasaydi. Uning kilogrammi 1,8 foizga arzonlab, 5 ming 348 so‘mni tashkil etdi. Umuman, kuzatilgan davrda sabzavotlarning aksariyati qimmatlashdi, sabzi esa arzonlagan.

2

Mevalar

Bu hafta ham mevalar narxi tushishda davom etmoqda. Jumladan, mevalar orasidagi eng katta narx pasayishi limonda kuzatildi. Uning kilogrammi 4,5 foizga arzonlab, 38 ming 208 so‘mni tashkil etdi. Bunga odatda issiqxonalardan chiqqan hosilning bozorga chiqishi va taklifning ko‘payishi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Olma narxi ham 1 foizga tushib, 11 ming 524 so‘mni bo‘ldi.

Uzum va nok narxlari esa turlicha o‘zgardi. O‘tgan haftada har ikki meva narxi 0,1 foizga oshgan bo‘lsa, bu haftada uzum 1,8 foizga, nok esa 0,2 foizga arzonladi. Natijada uzumning kilogrammi qariyb 12 ming so‘mni, nokning narxi esa 18 ming so‘mni tashkil etdi.

Umuman olganda, joriy haftada mevalar orasida eng katta narx pasayishi limonda kuzatildi. Uzum va nok narxlarining o‘tgan haftadagi kichik o‘sishdan keyin pasayishi esa bozordagi talab va taklif o‘zgarishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

3

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qancha?

7–14-oktabr holatiga go‘sht mahsulotlari narxi biroz qimmatlashdi. Hafta davomida mol go‘shti va qo‘y go‘shti narxlari ham 0,1 foizga oshdi. Mol go‘shtining 1 kilogrammi o‘rtacha 125 ming 247 so‘mni, qo‘y go‘shti narxi esa 136 ming 865 so‘mni tashkil qildi.

Mol go‘shti narxlarining hududlar kesimidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlari quyidagicha:

4

Mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etildi. 14-oktabr holatiga ko‘ra, poytaxtda bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 134 ming 881 so‘mni tashkil etdi. Qoraqalpog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 116 ming 245 so‘m bo‘ldi. Ikki hudud o‘rtasidagi farq 18 ming 636 so‘mga yetdi.

Hafta davomida mol go‘shti narxi eng ko‘p Toshkent shahrida oshdi. Bir kilogramm mahsulot narxi 134 ming 65 so‘mdan 134 ming 881 so‘mga ko‘tarilib, qariyb 800 so‘mga qimmatladi. Qoraqalpog‘istonda narx 471 so‘mga, Navoiy viloyatida esa 314 so‘mga oshdi.

Ayrim hududlarda o‘sish ancha past bo‘ldi. Buxoro va Samarqandda narx 50 so‘mga yaqin qimmatlashgan bo‘lsa, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida o‘zgarishsiz qoldi.

Hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti ham saqlanib qolmoqda. 14-oktabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istondagi narxlar farqi 18 ming 636 so‘mga yetgan. Ya’ni, Toshkent shahrida 1 kilogramm mol go‘shti Qoraqalpog‘istonga nisbatan qariyb 16 foiz qimmatroq bo‘lgan.

Tuman va shaharlar kesimida narxlar bir-biridan ancha farq qilmoqda. Mol go‘shtining eng yuqori narxi Bektemir tumanida qayd etilib, bir kilogrammi 137 ming so‘mni tashkil etdi. Qo‘y go‘shtining eng yuqori o‘rtacha narxi esa Marhamat tumanida kuzatildi. Uning bir kilogrammi 155 ming so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida kuzatilgan o‘zgarishlarni ham tahlil qilgan edik.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 47

Barchasi

Mavzuga oid

Haftalik narxlar tahlili: bozorda narx-navo qanday? | Vaqt.uz