
AQSH Oliy sudi Trampga 500 mingdan ortiq migrantni deportatsiya qilishga ruxsat berdi — OAV
31.05.2025 | 20:0041304
AQSH Oliy sudi Donald Tramp ma’muriyatiga Bayden davrida joriy etilgan vaqtincha boshpana dasturini to‘xtatishga ruxsat berdi. Bu qarori orqali 530 mingga yaqin migrantni deportatsiya qilish imkoni yaratildi.

CNN telekanalining xabar berishicha, AQSH Oliy sudi 2023 yilda Jo Bayden ma’muriyati tomonidan joriy etilgan vaqtincha boshpana dasturini to‘xtatish bo‘yicha Tramp ma’muriyatining talabini qondirdi. Ushbu dastur Venesuela, Haiti, Kuba va Nikaragua fuqarolariga AQSHda vaqtincha yashash va ishlash huquqini bergan edi.
Qarorga ko‘ra, Tramp ma’muriyati endi dasturdan foydalangan taxminan 530 ming migrantni deportatsiya qilishni jadallashtirishi mumkin. Bu so‘nggi bir oy ichida Oliy sud Trampning migratsiya siyosatiga ikkinchi marta yordam bergan holatdir. Ilgariroq, yana bir shunga o‘xshash dasturni bekor qilishga ham sud ruxsat bergan edi.
Oliy sud qarori yakuniy emas, asosiy ish sudning past darajali instansiyalarida ko‘rib chiqilishda davom etadi. Ammo bu oraliq qaror deportatsiya jarayonlarini amalga oshirishga yo‘l ochib beradi.
Ikki sudya — Sonya Sotomayor va Ketanji Braun qarorga qarshi chiqdi. Ular ushbu qarorni «yarim million odamning hayoti va yashash vositalarini keskin buzish» sifatida baholashdi. Sotomayor bu harakatni insonparvarlik nuqtayi nazaridan xavfli, deb atadi.
Shu paytda Oq uy ma’muriyati vakili Stiven Miller sud qarorini olqishlab, «sud ahmoqona farmonlariga chek qo‘yildi», dedi. Trampning aytishicha, u prezidentlikning ilk kunidayoq dasturni bekor qilgan. Respublikachilar ma’muriyati 1 yil ichida 1 mln migrantni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Tahlilchilar bu raqamning amalga oshishi qiyinligini ta’kidlashmoqda. Qayd etilishicha, hozirgacha eng katta deportatsiya 400 mingdan ortiq kishini chiqargan Obama ma’muriyatiga tegishli bo‘lgan.
Avvalroq AQSH apellyatsiya sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan xorijiy mahsulotlarga joriy etilgan, ammo avvalroq federal sud tomonidan to‘xtatilgan bojlarni vaqtincha tiklagani xabar qilingan edi.





