add

AQSH o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Bugun 10:352 daqiqa

Davlat departamenti bayonotida ta’kidlanishicha, Amerika fuqaroligi bo‘lishining o‘zi Eron rasmiylari tomonidan hibsga olinish uchun yetarli sabab bo‘lishi mumkin.

AQSH o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi

AQSH Davlat departamenti va Tehrondagi Virtual elchixona Eron hududida bo‘lgan Amerika fuqarolarini mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Rasmiy ogohlantirishda mamlakatda uch haftadan beri davom etayotgan hukumatga qarshi namoyishlar, ommaviy zo‘ravonliklar va internet aloqasining to‘liq o‘chirilishi asosiy xavf omillari sifatida ko‘rsatildi.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar davomida 500 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, o‘n minglab shaxslar hibsga olingan. AQSH rasmiylari ta’kidlashicha, ayrim hollarda faqat Amerika fuqaroligiga ega bo‘lishning o‘zi Eron xavfsizlik idoralari tomonidan hibsga olish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ogohlantirishda Amerika fuqarolariga Eronni quruqlik yo‘li orqali Armaniston yoki Turkiya tomon tark etish tavsiya etilgan. Ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslar mamlakatdan chiqishda Eron pasportlaridan foydalanishga majbur ekani qayd etilgan.

Eronda AQSHning elchixonasi yoki konsulligi mavjud emas. Favqulodda holatlarda ayrim cheklangan xizmatlarni Shveysariya elchixonasi amalga oshiradi, biroq muntazam konsullik yordami taqdim etilmaydi. Bu esa hibsga olingan Amerika fuqarolarining tashqi yordam olish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqaradi.

Transport va aloqa sohasidagi cheklovlar ham kuchaygan. Yo‘llar yopilgan, jamoat transporti faoliyati cheklangan, aviakompaniyalar esa ayrim reyslarni bekor qilgan. Ayrim tashuvchilar parvozlarni 16-yanvarga qadar to‘xtatgan. Shu bilan birga, Turkmanistonga o‘tish uchun oldindan ruxsat talab qilinadi, Ozarbayjon yo‘nalishida esa cheklovlar mavjud bo‘lishi mumkin.

So‘nggi kunlarda AQSH rahbariyatiga Eronga nisbatan ehtimoliy harbiy choralar bo‘yicha yangi variantlar taqdim etilgani haqida ham xabarlar tarqaldi.

Avvalroq AQSH ma’muriyati Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida Tehronga nisbatan bosimni kuchaytirishning turli variantlarini ko‘rib chiqayotgan edi.

Eron prezidenti Masud Pizishkiyon esa namoyishchilarni «chet eldan boshqarilayotgan terrorist guruhlar» deb atab, ularni AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatlayotganini aytgan.

«Bu odamlar ushbu mamlakatga tegishli emas. Agar kimdir shu yurt farzandi bo‘lsa, mayli, e’tiroz bildirsin — biz ularning noroziligini eshitamiz, uni tinglaymiz va muammoni hal qilamiz. Ular joyida aybsiz odamlarni o‘ldirmoqda, o‘t qo‘ymoqda, buni qabul qilib bo‘lmaydi. Amerika va Isroil o‘tirib olib, ularga: Oldinga, biz ham shu yerdamiz’, deb xitob qilmoqda. O‘z vaqtida ushbu mamlakatga hujum qilib, yoshlarimiz va bolalarimizni o‘ldirgan o‘sha odamlar, endi bu kimsalarga xuddi shunday qilishni buyurib: Biz shu yerdamiz, siz borib vayron qiling, biz esa ortingizdan boramiz’, deyishmoqda», — degan Eron rahbari.

Teglar

Mavzuga oid