
AQSH rasmiysi: «Hizbulloh» Eron-Isroil urushiga aralashsa — juda yomon qaror bo‘ladi
19.06.2025 | 19:2011973
AQSHning Suriya bo‘yicha maxsus vakili va Turkiyadagi elchisi Tomas Barrak Beyrutdagi tashrifi chog‘ida «Hizbulloh» harakatini Eron va Isroil o‘rtasidagi urushga aralashmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu «juda yomon qaror» bo‘ladi.

19 iyun kuni Livan parlamenti spikeri Nabix Berri bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar savollariga javob bergan Barrak shunday dedi: «Prezident Donald Tramp va maxsus vakil Stiv Vitkoff tomonidan bu mavzu yuzasidan aniq bayonot berilgan — «Hizbulloh»ning urushga aralashishi juda, juda yomon qaror bo‘ladi».
«Hizbulloh» Isroilning Eronga nisbatan havo hujumlarini qoralagan va Eron rahbariyatiga to‘liq hamdardlik bildirgan. Ammo harakat hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushda ishtirok etish tahdidini bildirmagan. Reutersga ma’lum qilishicha, tashkilot Isroilga qarshi mustaqil zarba berish niyati yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Hizbulloh» o‘tgan yiligi Isroil bilan bo‘lgan urushdan so‘ng jiddiy zaiflashgan. Minglab jangchilari halok bo‘lgan, harakatning Janubiy Livan va Beyrut yaqinidagi pozitsiyalari vayron qilingan. AQSH vositachiligidagi yarashuv shartlariga ko‘ra, Livan hukumati davlatdan tashqari qurollar nazoratini to‘xtatishi shart qilib belgilangan.
Barrak shu kuni Livan prezidenti Jozef Aun bilan ham uchrashib, mamlakatda qurollangan kuchlar ustidan to‘liq nazorat masalasini muhokama qildi.
Tomas Barrak — xususiy investitsiya sohasidagi taniqli shaxs bo‘lib, Donald Trampning 2016 yilgi inauguratsiyasini tashkil qilgan qo‘mitaga rahbarlik qilgan. May oyi oxirida u Suriya bo‘yicha maxsus vakil lavozimiga ham tayinlangan.





