
AQSH Ukrainaga qurol yetkazish bo‘yicha muhim bayonot tayyorlamoqda
15.10.2025 | 09:2126683
Vashington bugun, 15 oktyabr kuni Ukrainaga qurol yetkazishga oid muhim bayonot e’lon qiladi. Manbalarga ko‘ra, gap Tomahawk raketalari haqida bo‘lishi mumkin.

AQSH Ukrainaga qurol yetkazish bo‘yicha yangi qaror haqida muhim e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda NATOdagi Amerika doimiy vakili Mettyu Uitaker matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bayonot 15 oktyabr kuni beriladi va u Kiyev uchun yangi harbiy yordam paketini o‘z ichiga oladi.
«Prezident Tramp Ukrainaga dunyodagi eng yaxshi qurollarni berdi. Bu ukrainlarga juda zarur, ular intizorlik bilan kutishmoqda. Bu dastur Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tqazish uchun hayotiy ahamiyatga ega», — dedi Uitaker.
NATO vakili janubiy Yevropa mamlakatlarini Ukrainaga ko‘proq yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa PURL dasturi doirasida Yevropa mablag‘lari hisobiga AQSH qurollarini sotib olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Tomahawk qanotli raketalarini berish haqida «deyarli qaror qabul qilib bo‘linganini» aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Vashington Kiyevga ushbu raketalarni yetkazib berishni boshlashi mumkin.
Hozircha Vashington rasmiy ravishda qaysi turdagi qurollar haqida gap ketayotganini ochiqlamagan. Biroq tahlilchilarning fikricha, agar gap Tomahawk haqida bo‘lsa, bu Ukraina harbiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Yaqin soatlarda Pentagon va Oq uy qo‘shimcha ma’lumot berishini kutmoqda.





