add

AQSHda aholining uchdan ikki qismi Tramp siyosatidan norozi — so‘rovnoma natijasi

23.10.2025 | 11:292342

PRRI va Brukings instituti o‘tkazgan so‘rovda amerikaliklarning 62 foizi mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda deb hisoblaydi.

AQSHda aholining uchdan ikki qismi Tramp siyosatidan norozi — so‘rovnoma natijasi

Amerikada o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolar uchdan ikki qismi mamlakat Tramp davrida noto‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda deb hisoblaydi. Bu haqda Axios nashri PRRI va Brukings instituti hamkorlikda o‘tkazgan yillik tadqiqotga tayanib xabar berdi.

So‘rovga ko‘ra, 62 foiz amerikaliklar AQSH noto‘g‘ri yo‘nalishda borayotganini aytgan. Ular orasida demokratlar (92 foiz) va mustaqil saylovchilar (71 foiz) yetakchilik qilgan. Respublikachilarning faqat 24 foizi mamlakatning yo‘nalishidan norozi ekanini bildirgan. Bu ko‘rsatkichlar orasidagi 68 foizlik tafovut so‘rov tarixi davomidagi eng katta ko‘rsatkich bo‘ldi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 10 nafardan 6 nafar amerikalik irqiy munosabatlar yomonlashganini ta’kidlagan. Shu miqdordagi ishtirokchilar Tramp ma’muriyatining boshqa mamlakatlar bilan munosabati, import tariflarini oshirishi va ta’lim hamda sog‘liqni saqlash dasturlarini qisqartirishi ortiqcha bo‘lganini aytgan.

Ko‘pchilik Tramp ma’muriyatining noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish siyosatiga ham qarshi fikr bildirgan. Umuman olganda, 56 foiz amerikaliklar Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullamaydi. Respublikachilar orasida uni qo‘llab-quvvatlovchilar 86 foizni tashkil etsa, mustaqil saylovchilarda bu ko‘rsatkich 32 foiz, demokratlarda esa 8 foizdan oshmagan.

Qizig‘i shundaki, hatto respublikachilarning qariyb 30 foizi Trampning iqtisodiy siyosati va hukumat boshqaruviga past baho bergan. So‘rov 15 avgustdan 8 sentyabrgacha 5543 nafar fuqaro orasida o‘tkazilgan bo‘lib, xato ehtimoli ±1,79 foizni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid